Ikkita xalqaro bitim imzolandi
“Ilm-fan — 2020” milliy rivojlanish dasturi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Times Higher Education” xalqaro reyting agentligi, shuningdek, jahonga mashhur “Elsevier” nashriyot uyi oʻrtasida SciVal axborot-tahliliy portali maʼlumotlaridan foydalanish boʻyicha bitim imzolandi.
— Raqobat bor joyda rivojlanish jadallashadi, — deydi “Times Higher Education” xalqaro reyting agentligining Rossiya va MDH davlatlari boʻyicha ijrochi direktori Yegor Yablokov. — Bitimga binoan, uch yil mobaynida Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari ekspertlar tomonidan oʻrganiladi va reytingi tuziladi. Bu nafaqat universitet faoliyati, balki taʼlim sifati yuksalishiga ham xizmat qiladi.
Mazkur shartnomalar Respublika oliy taʼlim muassasalari uchun xalqaro universitetlarning global reytingida muhim ahamiyat kasb etadigan jihat — ilmiy-tadqiqotlar sohasida samaradorlikni kuzatish va ilmiy oʻlchamdagi maʼlumotlarni chuqur tahlil qilish imkonini beradi. Kelishuv doirasida vazirlik respublikadagi eng yaxshi universitetlar rektorlari va prorektorlaridan iborat “Times Higher Education” ekspertlari bilan birgalikda ishlaydigan ishchi guruhni shakllantiradi. Ular muhim maʼlumotlar va tahlillardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar hamda rivojlanishning ustuvor vazifalari va strategiyasini ishlab chiqishda “Times Higher Education”ning doimiy koʻmagidan foydalanishadi. Ushbu bitim xorijiy ilmiy taʼlim markazlari bilan yanada faol hamkorlik qilish imkonini ham beradi.
Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi” muxbiri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring