Ikki hududda sifatsiz tamaki mahsulotlarining savdoga chiqarilishi toʻxtatib qolindi
Toshkent shahri va Namangan viloyatida qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar qoʻlga olindi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Maʼlum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani boʻlim va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda qonunga xilof ravishda tamaki mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanib kelgan fuqaro S.I. boshqa bir fuqaro M.X.ga aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, qonunbuzar shaxsning noqonuniy tashkil etgan savdo nuqtasidan umumiy bahosi 63 million soʻmlik turli nomdagi xorijda ishlab chiqarilgan jami 1 ming 308 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Shu kabi yana bir holat, Departamentning Chust tumani boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.
Unga koʻra. “Namangan” muntazam YPX maskanida fuqaro A.N.ning boshqaruvidagi “Malibu-2” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilgan. Aniqlanishicha, fuqaro A.N. va boshqalar chet elda ishlab chiqarilgan 6 turdagi 779 dona aksiz markasiz elektron tamaki mahsulotlarini oʻtkazish maqsadida Namangan viloyatiga olib kelayotganliklari fosh qilinib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi (etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring