Ikki davlat yoshlarining sanʼat festivaliga toʻrt mingdan ziyod yoshlar jam boʻldi

16:44 20 Yanvar 2020 Madaniyat
1017 0

Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan Xitoy madaniyat markazi hamda bir nechta oʻquv muassasalari bilan hamkorlikda yurtimizda xitoy tilini oʻrganayotgan yoshlarning II sanʼat festivali oʻtkazildi. “Xalqlar doʻstligi saroyi”da boʻlib oʻtgan tadbir “Bir makon, bir yoʻl – orzular sari ” deb nomlanib, unda toʻrt mingdan ziyod oʻzbek va xitoy yoshlari jamlandi.

– Ushbu tadbir ikki davlatni diplomatik aloqalarining 28 yilligiga ham bagʻishlanadi, – deydi – XXRning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan. – Shiddat bilan rivojlanib borayotgan xalqaro siyosiy vaziyatda Xitoy va Oʻzbekiston munosabatlari vaqt sinovidan oʻtdi, sezilarli darajada taraqqiy topdi va barcha sohalarda samarali natijalarga erishdi. Ushbu doʻstlik va hamkorlik aloqalarimiz kelgusida yanada mustahkam boʻlishiga umid qilamiz.

Anʼanaviy tarzda yoʻlga qoʻyilgan festival bu yil keng koʻlamliligi bilan farq qilishi alohida eʼtirof etildi.

– Xitoy tilini oʻn yildan buyon oʻrganib kelaman va har gal ushbu tilning yangi qirralarini kashf qilaman, – deydi Sharqshunoslik instituti lingvistika yoʻnalishi magistranti Xurshida Karimova. – Xitoy tili tadqiqotiga bagʻishlab koʻplab ilmiy maqolalar yozganman. Ulardan biri xitoy maqollarining lingvo-kulturologik tahliliga bagʻishlangan. Ushbu festivalda men tilning yana boshqa jihatlari borasida ham ilmiy izlanishlar olib borish borasida gʻoyalarga ega boʻldim.

Festivalda poytaxtimizda xitoy tilini oʻrgatuvchi bogʻcha, maktab, litsey oʻquvchilari, oliy oʻquv yurtlari talabalari ishtirokidagi konsert dasturi namoyish etildi.

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер