Ixcham va havasli to‘y barchaning orzusi

11:21 11 May 2018 Jamiyat
2874 0
Фото: svadebka.ws

To‘y-hasham ham, ma’raka-marosim ham milliy ma’naviyatning ajralmas qismi hisoblanadi. Aslida bu borada har bir xalqning o‘z merosi, an’analari va qarashlari bor. Biroq keyingi paytlarda bunday marosimlarni o‘tkazishda milliy ma’naviyatimizga zid manzaralar ham namoyon bo‘layapti.

Ayrim kimsalar bu kabi tadbirlardan o‘zining jamiyatdagi mavqeini ko‘tarib olish, boyligini ko‘z-ko‘z qilib, odamlarga ko‘rsatib qo‘yish, kimdandir o‘zib ketganini isbotlash hamda shu singari boshqa noma’qul maqsadlarini amalga oshirish uchun foydalanayapti. Shu bois to‘y-hasham, oilaviy tadbir, ma’raka-marosimlarni tartibga solish bugungi kunda jamiyatimiz uchun o‘ta dolzarb masala bo‘lib turibdi.

Xalqimizda “Ko‘rpangga qarab oyoq uzat”, degan gap bor. Ammo aksariyat to‘ylarda bunga rioya etilmaydi. Qarz-qavola olib bo‘lsa-da, falon so‘mga keluvchi “birrov”chilar — nomdor san’atkorlarni chaqiradi. Ana shuning o‘zidayoq to‘y o‘tkazuvchi 5 — 10 million so‘m ortiqcha, aniqroq aytganda, maqsadsiz xarajatga tushadi. Bir kunlik to‘y deb oila 3-4 yil qarz uzish bilan ovora bo‘ladi.

To‘ylardagi isrofgarchiliklar kishini tashvishga soladigan yana bir muammo. Tansiq taomlar, ichimlikni-ku aytmay qo‘yavering. Ovqatning yeyilgani yeyiladi, qolgani qoladi. Sindirilgan yarim-yorti nonlarning qanchasi uvol bo‘ladi. Gohida “Noz-ne’matlarga to‘la to‘kin-sochin dasturxonimizga ko‘z tegmasin”, deymiz-u, biroq elimizning “Nimani xor tutsang, shunga zor bo‘lasan”, degan naqlini unutib qo‘yamiz.

Xo‘sh, oldin ota-bobolarimiz to‘y-marosimlarni qanday o‘tkazishgan? To‘y kuni qurbi yetsa, bitta qo‘y so‘yib, yetmasa “do‘ppi”dek osh tayyorlab, mahalla oqsoqollariga uylanayotganini e’lon qilib, kelinni olib kelavergan. Kelin tomon qurbi yetsa, kuyovga bitta ko‘ylak, chorsi (qiyiqcha) va do‘ppi hozirlagan, qurbi yetmasa, kelinning o‘zi tikkan bitta chorsi berilgan. Shu asnoda tinch, osoyishta, toqatdan tashqari talablar girdobiga g‘arq bo‘lmay, kamtarona, qulay hayot boshlangan hamda ko‘p yillar qo‘sha qarib, totuv, inoq, havas qilsa arzigulik umr kechirishgan.

Shularni o‘ylarkanmiz, “Bugun nega bunchalik dabdabaga berilayapmiz?” degan savol kishini mulohazaga chorlaydi. Xalq vakili sifatida joylarda bo‘lamiz, odamlar bilan gaplashamiz, to‘y-ma’rakalarda qatnashamiz. Ayniqsa, 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlisida to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalasi ko‘rib chiqilgach, barchamiz bu mavzuga yanada jiddiy e’tibor qarata boshladik.

Hozir oddiy odamlar bilan suhbatlashib bilayapmizki, parlament darajasida ko‘rilayotgan mazkur masalaga odamlarning fikri nihoyatda ijobiy. Masalan, Samarqand viloyati aholisi vakillari bilan muloqotlarimiz chog‘ida to‘y-tantanalarni kimo‘zarga o‘tkazishga barham berish, keraksiz tadbirlarga chek qo‘yish, dabdababozliklarning oldini olish zarurligini odamlar to‘la anglab yetayotganini his qildik. Yurtdoshlarimiz to‘ylar ixcham, odamlarga dahmaza keltiradigan emas, ahillikka undaydigan, mehr-oqibatni kuchaytiradigan tadbir bo‘lishi zarurligini istashini angladik.

Albatta, oilaviy tadbirlarni tartibga solish jamiyat uchun ham muhim ijtimoiy ahamiyatga ega ekani bois, aholi tomonidan bildirilayotgan turli taklif hamda fikrlarni inobatga olib, ushbu masalani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatni mukammal ishlab chiqish har jihatdan to‘g‘ri. Shu ma’noda, Oliy Majlis Senatining “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori bilan tuzilgan To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga oid jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhiga katta mas’uliyat yuklangan. 

Mamlakatimizning har bir hududida oilaviy tadbirlarni o‘tkazish borasida shakllangan o‘ziga xos urf-odat hamda an’analarni aholi ishtirokida chuqur o‘rganib, muhokamalar yakuni bo‘yicha Senatga asoslangan takliflar ishlab chiqish o‘ta muhim yumush hisoblanadi.

Oldimizga yuksak va ezgu maqsad qo‘yib, ma’rifatli jamiyat barpo etish sari intilayotgan ekanmiz, jamiyatda har qanday illatning chuqur ildiz otishiga yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. To‘y-hasham, ma’raka-marosimlarimiz bilan bog‘liq soxta, xo‘jako‘rsinlik odatlari yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmasligi kerak. Aksincha, topganimizni keraksiz hoyu havasga, dabdabaga emas, ehtiyojimizdan ortiq mablag‘ni xalqimizning azaliy odatlariga rioya etib, xayr-ehson, mehr-muruvvat ko‘rsatish, muhtojlarga yordam berish, turarjoylarimizni obod qilish, yo‘llar, ko‘priklar qurish, ishlab chiqarishga sarflasak, har jihatdan foydali, savobli ishga qo‘l urgan bo‘lardik.

Zaynab BERDIYEVA,
O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senati a’zosi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер