IIV formali maxsus kiyimdan foydalanish tartibi haqida ogohlantirish bilan chiqdi

07:15 25 Yanvar 2022 Jamiyat
2157 0

Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati formali maxsus kiyimdan foydalanish tartibi haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

«Egnimda forma. Men bundan faxrlanaman. Bu formani kiyish huquqiga ega boʻlish uchun, men oʻz vaqtida juda koʻp sinovlardan oʻtganman.

Bugungi kunda internet tarmogʻidagi koʻp platformalar yoshlarimizning cheksiz ijodiy izlanishlariga imkoniyat ochib berdi. Hajviya yoki jiddiy kontent yaratish juda oson va qulay boʻlib qoldi.

Lekin, shuni unutmaslik kerakki, harbiy yoki maxsus forma kiyib masxarali kontentlar yaratish orqali tengdoshlarini kuldirishga, sayoz filmlar yoki seriallar orqali ommani jalb qilishga qaratilgan harakatlar maʼmuriy javobgarlikka olib kelishi mumkin.

Kuzatuvlarga koʻra, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, filmlarda va seriallarda qahramonlar foydalanadigan formali kiyim-bosh notoʻgʻri yoki qoʻpol xatolar bilan kiyilgan holda jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

Ushbu faktlar nafaqat huquqbuzarlik hisoblanadi, balki ichki ishlar organlari xodimlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan harakat, deb baholanadi.

Esingizda boʻlsin, harbiy yoki maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan kiyish — Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2091-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun sabab boʻladi.

Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi turli ijodkorlar va ijtimoiy tarmoq faollariga bu masalada hamkorlikka hamisha tayyor ekanligini taʼkidlab oʻtadi.

Agar siz ichki ishlar organlari bilan bogʻliq biror ijodiy ish yoki videomahsulotni tasvirga olmoqchi boʻlsangiz, Ichki ishlar vazirligi yoki hududiy ichki ishlar organlarining axborot xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Biz, albatta, oʻz tavsiyalarimiz va maslahatlarimiz bilan sizga koʻmaklashishga tayyormiz. Oʻzboshimchalik bilan bunday masalaga yondashmasligingizni soʻraymiz» deyiladi IIV axborot xizmati murojaatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер