IHT kuzatuvchilari Oʻzbekistondagi boʻlajak referendumda ishtirok etadi
Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov 12-mart kuni Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Jidda shahridagi qarorgohida IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Husayn Ibrohim Toha Oʻzbekiston Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga tashrifi, shuningdek, u bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunlarini yuqori baholadi.
Bosh kotib tashkilot tizimining faol va muhim ishtirokchilaridan biriga aylangan Oʻzbekiston va uning IHT bilan hamkorligi amaliy jihatdan kengayayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Husayn Ibrohim Tohaning aytishicha, soʻnggi 5 yilda Yangi Oʻzbekiston musulmon davlatlari bilan aloqalarni sezilarli darajada oshirgan. Toshkentning yangi siyosati siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga, hamda Markaziy Osiyo barqarorligi va xavfsizligini mustahkamlash masalalariga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston qisqa vaqt ichida mintaqadagi qoʻshnilari bilan oʻzaro tushunish va sheriklik muhitini yaratishga muvaffaq boʻldi. Bu oʻz navbatida, Oʻzbekistoning islom olamidagi roli hamda taʼsirini keskin oshirdi.
IHT bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha, shuningdek, Oʻzbekiston afgʻon masalasida muhim rol oʻynashini va Afgʻonistonga koʻp tomonlama gumanitar hamda iqtisodiy yordam koʻrsatish boʻyicha turli loyihalarni ilgari surish tashabbusi bilan chiqayotganini alohida taʼkidladi. IHTning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Oʻzbekiston bilan bu davlat boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish va qoʻshma choralar koʻrish tarafdori.
Bosh kotibga respublikada konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha referendum oʻtkazilishi haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, bosh kotib Husayn Ibrohim Toha soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekistonda hayotning barcha jabhalarini modernizatsiya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni alohida eʼtirof etdi.
Shu nuqtayi nazardan, u xalq orasida ham, xalqaro hamjamiyatda ham allaqachon yuksak qoʻllab-quvvatlanayotgan Oʻzbekiston rahbariyatining ichki va tashqi siyosatiga muvofiq Konstitutsiyani yangilash oʻz vaqtida amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Husayn Ibrohim Toha ushbu muhim siyosiy tadbirda IHT kuzatuvchilari ishtirok etishini tasdiqladi.
Uning aytishicha, tarixiy Samarqand shahrini koʻrish uchun Ramazon oyidan soʻng Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring