Ichki bozorda oʻsimlik yogʻi narxi nega keskin oshib ketdi?
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ichki bozorda oʻsimlik yogʻi mahsulotlari narxlari oʻzgarishi haqida maʼlumot berdi.
«Joriy yilning mart-aprel oylarida kungaboqar va paxta yogʻlari narxlari keskin oshganligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmoqda.
Holatdan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan ichki bozorda oʻsimlik yogʻi mahsulotlari narxlari oʻzgarishi tahlil qilib borilmoqda.
Sanitariya qoida va meʼyorlariga muvofiq respublika boʻyicha yiliga 300 ming tonnadan ortiq oʻsimlik yogʻi talab etiladi.
2020-yilda aholi isteʼmoli uchun 450 ming tonnadan ziyod oʻsimlik yogʻi muomalaga chiqarilgan boʻlib, shundan yarmidan ortiqrogʻi import qilingan.
Ichki bozorlarda narxlar keskin oʻsishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va oʻtgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq boʻlishi munosabati bilan asosiy yetkazib beruvchilardan boʻlgan qoʻshni davlatlarda kungaboqar yogʻi va urugʻi eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddati uzaytirilishi ham taʼsir etdi.
Oʻz navbatida, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yogʻi va urugʻi narxlarining oshishi mahalliy paxta yogʻi narxlariga ham bevosita oʻz taʼsirini koʻrsatdi.
Shu bilan birga, mahsulotga boʻlgan talabni qondirish uchun ichki bozorda taklif yetarli darajada ekanligi ham maʼlum boʻldi.
Yuqoridagilarga asosan, ichki bozorda oʻsimlik yogʻi narxlarini barqarorlashtirish maqsadida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda barcha zarur choralarni koʻrayotganligi maʼlum qilinadi» deyiladi Qoʻmita matbuot xizmati xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring