Ichimlik suvidan qarzdorlikni kechirib boʻlmaydi

18:13 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
657 0

Andijon viloyati aholisi isteʼmol qilayotgan toza ichimlik suvining asosiy qismi Qirgʻiziston Respublikasida shakllanib, “Kampirrovot” suv ombori orqali respublikamiz hududiga kirib keladi. Bu haqida “Andijon suv taʼminoti” MCHJning “Kampirrovot” suv tozalash inshootida boʻlib oʻtgan press-tur davomida maʼlum qilindi. OAV, axborot xizmati xodimlari va blogerlar ishtirokida boʻlib oʻtgan ushbu tadbir davomida inshootda suv toʻrtta bosqichda filtrlanib, aholiga yetkazib berilishi haqida maʼlumot berildi.

— Suv omboridan inshootimizga yoʻnaltirilgan obihayot dastlab 14 ta filtrlash hovuzida zararli moddalardan tozalanadi, — deydi “Kampirrovot” suv tozalash inshooti rahbari Abdumajid Mamasidiqov. — Buning uchun kichik, oʻrta va yirik tindirgichlarda tarkibidagi zararli moddalardan tozalanadi. Shundan soʻng 2 ta 3600 m3 sigʻimdagi hovuzda suyuq xlor yordamida zararsizlantiriladi. Isteʼmolga yaroqli holatga keltirilgan suv Xonobod, Qorasuv, Andijon shaharlari va Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Xoʻjaobod, Buloqboshi tumanlari aholisiga yetkazib beriladi.

Isteʼmolchilarga bir sutkada 200 ming tonna suvni yetkazib berayotgan inshoot faoliyati bilan tanishar ekanmiz, ichimlik suvi xonadonimizgacha yetib kelguniga qadar bir qancha bosqichlarni bosib oʻtishiga guvoh boʻldik. Bir qultum suv qancha mehnat evaziga bunyod boʻlishini tushungach, foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirish naqadar muhimligini anglab yetdik.

— Afsuski, aksariyat yurtdoshlarimiz toʻlov talablariga rioya qilmaydi, — deydi tadbir ishtirokchisi “Adolat mezoni” gazetasi muxbiri Abduvohid Tojiddinov. — Bu esa Andijon viloyatida toza ichimlik suvidan boʻlgan qarzdorlik miqdori 169 milliard 200 million soʻmga yetishiga sabab boʻldi. Tadbir davomida bildikki, garchi hudud markazlashgan toza ichimlik suvi taʼminoti boʻyicha respublikada yetakchi oʻrinni egallab, taʼminlanish darajasi 85,5 foizni tashkil etsada, eng arzon toʻlovni amalga oshiruvchi hudud hisoblanar ekan. Qolaversa, soʻnggi uch yil mobaynida suvni yetkazib beruvchi asosiy manba — elektr energiyasi narxi bir necha marotaba oshirilishiga qaramay suv narxi oʻzgarmadi.

Bu kabi imkoniyatlardan toʻgʻri foydalanish oʻrniga qarzdor boʻlib yurgan fuqarolarni kechirib boʻlmaydi. Mavzuga doir targʻibot ishlarini amalga oshirishda esa press turning ahamiyati katta boʻladi, albatta.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер