Huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga muvofiq qayta koʻrib chiqiladi

12:13 28 Oktyabr 2023 Jamiyat
215 0

Adliya vazirligida Huquqiy taʼsir choralarini mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul davlat organlari va tashkilotlarining xodimlaridan iborat ishchi guruh yigʻilishi oʻtkazildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20-moddasida davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerakligi belgilangan.

Yigʻilishda mazkur konstitutsion normani hayotga toʻlaqonli tatbiq etish maqsadida qonunchilik hujjatlarida, shu jumladan, Jinoyat, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda Soliq kodekslarida belgilangan huquqiy taʼsir choralarini tahlil qilish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sogʻligʻini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini taʼminlash maqsadida zarur boʻlgan doirada cheklanishi mumkinligiga alohida eʼtibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Bundan tashqari, yigʻilishda har bir sanksiyani mutanosiblik prinsipiga muvofiqlashtirish masalasini koʻrib chiqish uchun birinchi navbatda sanksiyalarni belgilashning asoslari, eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlarini yoritib beruvchi uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.

Uslubiy qoʻllanmani ishlab chiqishda rivojlangan davlatlar tajribasi hamda huquqni qoʻllash amaliyoti chuqur tahlil qilinishi zarurligi professor oʻqituvchilar tomonidan taʼkidlab oʻtildi.

Yigʻilish yakunida, ishchi guruhning har bir aʼzolari tomonidan soha faoliyatiga oid huquqiy taʼsir choralarini qoʻrib chiqish hamda ularning mutanosiblik prinsipiga muvofiqligini tahlil qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер