Huquq va manfaatlarimiz kafolati

12:03 19 Noyabr 2024 Jamiyat
223 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona mamlakatimizda aholi nufuzi boʻyicha Samarqanddan keyingi oʻrinda turadi. Bu inson huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida viloyati kasaba uyushmalari zimmasiga oʻziga xos ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Ayni paytda viloyatda 4 mingga yaqin boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkiloti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bunday uyushmalar oʻz tarkibida qariyb 600 ming nafar aʼzolarni jamlagan.

— Soʻnggi besh yilda yurtimizda inson huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan 550 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari koʻrib chikildi, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyati Kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev. — Yangi Mehnat kodeksini amaliyotda qoʻllash boʻyicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi. Bu borada xalqaro meʼyor va andozalar amaliyotga tatbiq etildi.

Viloyatda mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini tashkil qilish, ishchi-xodimlarning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlash, aholining turli qatlamlari ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari bilan ijtimoiy sheriklik masalasida salmoqli natijaga erishilmoqda.

Joriy yilda viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari saʼy-harakati bilan 551 nafar ishchi-xizmatchining mehnat huquqlari tiklanib, ularning foydasiga 3 mlrd. soʻmga yaqin mablagʻ undirildi. Kasaba uyushmalari faollari tomonidan yoz mavsumi davomida viloyat boʻyicha 10 ming 600 nafar bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etildi. 7 ming 100 nafar xodimlar, ularning oila aʼzolari, faxriylarni tizimga qarashli sihatgohlarda imtiyozli tarzda sogʻlomlashtirilgani, korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan 21 mingdan ziyod ishchi-xodimlarning yurtimizning tarixiy shaharlariga sayohatlari tashkil etilgani alohida eʼtirofga sazovor.

Viloyatda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda kasaba uyushmalarining koʻmagi beqiyos. Ijtimoiy daftarga kiritilgan xotin-qizlar bilan ishlash, ularning muammolarini tizimli ravishda hal etish hamda orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarishda Fargʻonada oʻziga xos tajriba maktabi shakllandi.

Kasaba uyushmalari tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda “Norasmiy iqtisodiyotdan rasmiy iqtisodiyotga oʻtish” loyihasini amalga oshirishga kirishildi. Bunday tashabbuslar yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash bilan birga, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayonini tezlashtirishda muhim omil boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер