“Hunarmandlar markazi” barchani oʻziga chorlaydi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Shahrixon tumani azaldan hunarmandchilik anʼanalari bilan nom qozongan. Pichoqchilik, kashtachilik, beshiksozlik, toʻnchilik, mebelsozlik kabi yoʻnalishlar faqat tirikchilik vositasi emas, balki ajdodlardan meros boʻlib kelayotgan bebaho sanʼat sifatida rivojlanib kelmoqda. Bu boradagi tajriba va mahoratni yanada oshirish, ustalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Hunarmandlar markazi” tashkil etilgani ham eʼtiborga molik. 1,2 gektar maydonda joylashgan ushbu maskanda 32 ta hunarmandchilik ustaxonasi, 250 oʻrinli savdo rastasi, moʻjazgina doʻppidoʻzlik va pichoqchilik muzeyi barpo qilingan.

— Shahrixonda pichoqchilik tarixi 1800-yillarga borib taqaladi, —deydi usta hunarmand Rahmattillo Alixoʻjayev. — Hozirga kelib 300 nafardan ziyod pichoqchilar oʻz xonadonida faoliyat olib boradi. Ularning mahsulotini xaridorlarga taqdim etish, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishda markazning ahamiyati katta boʻlmoqda.
Darhaqiqat, “Hunarmandlar markazi” qadimiy sanʼat va zamonaviy iqtisodiyot uygʻunligida hunarmand va xaridorlar uchun har tomonlama qulay maskanga aylanmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring