Hunarmandchilik mahalla brendiga aylanmoqda

16:48 12 Noyabr 2024 Jamiyat
443 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Ushotga kirgan zahoti tep-tekis asfalt yoʻl, yon-atrofdagi shinam turarjoylar va koʻrkamgina mahalla markazi eʼtiborni tortadi. Jondor tumanidagi bu goʻsha azal-azaldan tandirsoz-u zardoʻz, kashtachi, tikuvchilar maskani sanalgan. Bugungi kunga kelib esa ushotliklar hunarmandchilikni mahallaning brendiga aylantirish uchun yeng shimarishgan.

— Hududimizda 1108 ta oila istiqomat qiladi, — deydi “Ushot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Otabek Hamroyev. — Sizga aytsam, keyingi 7-8 oyda bizda havas qilsa arzigulik oʻzgarishlar, yangilanishlar roʻy berdi. Mana, markazimizni olib koʻring. Yaqin-yaqinga qadar 5-umumtaʼlim maktabiga qarashli bitta xonada faoliyat yuritardik. Turgan-bitgani xijolatbozlik edi. Endi ahvol butkul oʻzgardi. Viloyat va tuman hokimliklari saʼy-harakati bilan butun boshli markaz qurilib foydalanishga topshirildi.

Markazdan “mahalla yettiligi”ning har biri uchun alohida xona ajratildi. Oilaviy shifokorlik punkti, bank xizmatlari, goʻzallik saloni, tikuvchilik sexi va hatto matematika fani oʻquv markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Aholining dam olishi uchun shart-sharoit yaratildi. Hali bu hammasi emas. Mahallaning yana bir koʻchasida butun boshli hunarmandchilik markazi qurilib ishga tushirildi. Uni xalq amaliy sanʼatiga ixtisoslashgan kichik bir klasterga ham qiyoslash mumkin. Negaki, bu yerda xotin-qizlar bir paytning oʻzida ham kasb-hunarga oʻqitiladi, ham ish bilan taʼminlanishadi. Kashtachilik, tikuvchilik, zardoʻzlik, turli shirinliklar tayyorlash kabi yoʻnalishlarda hozir 45 nafar xotin-qiz mehnat qilyapti. Ularning koʻpchiligi uyda oʻtirib qolgan qishloq ayollaridir.

— Oʻzim asli Vobkentning Shakarkent qishlogʻidanman, — deydi markaz rahbari Shahnoza Sharipova. — Ushotga kelin boʻlib tushganman. Bolaligimdan milliy kashtachilikka mehr qoʻydim. Buvim, onam mohir kashtachi sanalishadi. Markazga kelsak, bizga 170 million soʻm miqdorida subsidiya ajratilgani juda qoʻl keldi. Bu sarmoyaga tikuv mashinalari, boshqa zarur jihozlar xarid qildik.Turkiyalik iqtidorli dizaynerlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Ichki va tashqi bozordan oʻz oʻrnimizni topishimizda ularning tajribasi asqatadi, degan umiddamiz.

Mahalla masʼullarining taʼkidlashicha, kashtachilik, zardoʻzlikning oqilona yoʻlga qoʻyilishi markazni xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan maskanga aylantiradi.

— Uch nafar farzandim bor, — deydi tikuv sexi ishchisi Zuhra Ochilova. — Ishsiz edim. Bu markazning ochilgani menga oʻxshagan qishloq yoshlari uchun ayni muddao boʻldi. Negaki, ishxonamiz qishloqning shundoq markazida. Hunar ortidan roʻzgʻorimga qut-baraka kiradi. Bunga ishonchim komil.

Yana bir suhbatdoshimiz Zebiniso Hamroyeva esa qisqa muddat oraligʻida ishsizlik balosidan xalos boʻlib, usta hunarmandga aylandi. “Ishga marhamat” monomarkazida uch oy tahsil olgach, tegishli sertifikatga ega boʻldi. Unga subsidiya asosida pishiriqlar tayyorlash uskunasi ajratildi. Zebiniso hozir qishloq qizlariga hunar sirlarini bepul oʻrgatish harakatida. Bu ularni mustaqil hayotga tayyorlashga qoʻl keladi, deb hisoblaydi u.

Aytmoqchi, biz markazda mehnat faxriysi Ozoda Ochilovani ham uchratib qoldik.

— Nevaramning chopqillab oʻynab yurganini koʻrganimda oʻzimni dunyodagi eng baxtli buvi deb his etaman, — deydi u. — Shukr, qishloqda shahardagidan qolishmaydigan darajada shart-sharoitlar yaratilyapti. Mana bir misol. Ilgari nevaram Temurbekni massaj qildirgani oʻn chaqirim yoʻl bosib tuman markaziga olib borardik. Soatlab navbat kutishga toʻgʻri kelardi. Markazda massaj xizmati ham yoʻlga qoʻyildi-yu tashvishimiz yengillashdi. Ovoragarchiliklar ortda qoldi...

Ha, kelib chiqishi olis XII-XIII asrlarga borib taqaladigan koʻhna Ushotda bugun “inson qadri uchun” degan olijanob gʻoyaning mevasini koʻrish mumkin. Zamonaviy markaz, ayollarbop ish oʻrinlari, hunarmandchilikning rivojlanayotgani, shinam koʻchalar-u muhtasham uy-joylar – bularning bari odamlarning oʻz hayotlaridan rozi ekanliklariga eng yaxshi dalolatdir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер