Hunari borning baxti bor

15:55 04 Avgust 2022 Jamiyat
1212 0

Foto: Xalq so‘zi

Qoʻldagi hunar ortidan elni, yurtni yashnatishga ne yetsin. Qoʻlidan ish kelmaydigan, “Ish yoʻq”, “Sharoit yoʻq” deb nolib yurganlardan asrasin. Astoydil intilgan, ishtiyoqi bor kishi, albatta, bir hunar egasi boʻladi, buni men oʻz hayotiy tajribam davomida koʻrib, bilib, guvohi boʻlib kelyapman. Ayniqsa, ayol kishining qoʻlidan ish kelmasligi – bu fojea. Axir burungi zamonlarda ham ayollarimiz juda tadbirkor, hunarmand boʻlishgan. Gilamdoʻzlik, zardoʻzlik, doʻppidoʻzlik, qoʻyingki, ular qoʻlidan kelmagan ish boʻlmagan.

Bugun men yakkabogʻlik ishsiz va hunarsiz ayollarni toʻplab, ularni kasbga yoʻnaltirishga harakat qilyapman. 2010-yilda oʻzim asos solgan “Setora imkon plyus” nodavlat taʼlim muassasasida opa-singillarimiz 18 turdagi hunar sir-asrorlarini oʻrganmoqda. Har yili 800 nafarga yaqin xotin-qiz muassasamizdagi 3 oylik oʻquv kurslarida tahsil olib, bir hunar egasi boʻlib chiqmoqda. Muassasamiz faoliyatini kengaytirib, Chiroqchi va Qamashi tumanlarida ham filialarimizni ochdik. Meni quvontirgan bir jihat shuki, ayollarimizda hunar egallashga ishtiyoq kuchli. Hunarli boʻlganlari esa hayotda oʻz oʻrnini topib ketmoqda.

Bir voqea hech yodimdan chiqmaydi. Bir kuni Yakkabogʻ tumanidagi qishloqlardan birida yashovchi tadbirkor uyiga taklif qildi. Uy-joyining hashamatidan koʻz qamashadi. Uydan bir ayol chiqib, meni bagʻriga bosdi va koʻzlari namlandi. Men nima boʻlayotganidan anglamay turganimda u:

— Nargiza opa, meni tanimadingizmi, axir men Muazzamman, bundan 5 yil oldin ishsiz, hunarsiz bir ayol edim. Sizning qoʻlingizda hunar oʻrganib, mana, katta tadbirkor boʻldim, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz butun Oʻzbekiston boʻyicha tarqatilmoqda. “Hunari borning baxti bor”, deb koʻp takrorlar edingiz, buni men oʻz hayotim misolida koʻrdim, — dedi.

Men 12 yillik faoliyatim davomida hunarli boʻlib, hayotda oʻz oʻrnini topib ketgan koʻplab xotin-qizlar bilan uchrashaman va koʻksim faxru gʻururga toʻladi. Axir jonajon yurtimizda tadbirkorlar uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratib berilgani, oʻz biznesini rivojlantirish va erkin faoliyat yuritishi kafolatlab qoʻyilgani bugun ularga qoʻl kelmoqda.

Bularning bari pirovardida Mustaqilligimizning ulugʻ neʼmat ekanidan dalolat bermoqda. Bu yil Vatanimizning qutlugʻ 31 yillik toʻyini keng tantana qilamiz. Ulugʻ sanani shodu xurramlik bilan kutib olar ekanmiz, koʻp qatorida shu goʻzal va betakror yurt taraqqiyoti, ravnaqi uchun xizmat qilishni oʻzimning muqaddas burchim deb hisoblayman.

 

Nargiza Salomova,

Yakkabogʻ tumanidagi “Setora imkon plyus” nodavlat taʼlim muassasasi rahbari,

Qashqadaryo viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер