Huawei kompaniyasi rahbariyati bilan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi

15:43 18 Oktyabr 2023 Jamiyat
378 0

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati

Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mobiuz mobil operatori, Raqamli hukumatni boshqarish markazi va Uzinfocom vakillaridan iborat delegatsiya Xitoyning Pekin shahridagi Huawei koʻrgazma majmuasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida kompaniya davlatning raqamli transformatsiyasi, 5G va 5.5G texnologiyalariga asoslangan raqamli iqtisodiyot va raqamli hukumatni rivojlantirish, sunʼiy intellekt, bulutli hisoblash, AKT sektori uchun yashil texnologiyalar, universitetlar, sanoat korxonalari va aqlli shaharlarni raqamlashtirish borasida yechimlar boʻyicha oʻz qarashlarini taqdim etdi.

Shuningdek, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, jumladan, jamoat transporti va avtomobillarni tez zaryadlovchi stansiyalar yaratish boʻyicha yechimlar ham namoyish etildi.

Tashrif doirasida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Van Szyanfen va Huawei kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti janob Vang Shunli bilan muzokaralar oʻtkazdi. Suhbat davomida tarmoqqa kirish imkoniyatlarini kengaytirish va Oʻzbekistonda mavjud maʼlumotlar markaziga asoslangan bulutli xizmatlarga xorijiy investorlarni keng jalb etish, Oʻzbekistonda kadrlarni tayyorlash va raqamli ekotizim masalalari muhokama qilindi.

Suhbat chogʻida maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va bulutli texnologiyalar yoʻnalishida zamonaviy yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish, mobil aloqa tarmoqlarini yanada rivojlantirish, shaharlarni raqamli transformatsiya qilish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, AKT sohasidagi rahbar va mutaxassislarning raqamli koʻnikmalarini oshirish, IT-sohada yosh isteʼdodlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari kelishib olindi.

Tashrif yakunlari boʻyicha Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan Huawei kompaniyasi oʻrtasida “aqlli” shaharlarni barpo etish, sunʼiy intellektni turli sohalarda tatbiq etish, raqamli transformatsiya boʻyicha rahbar va mutaxassislar malakasini oshirish, IT-taʼlim sohasida loyiha va dasturlarni amalga oshirish, yoshlar orasida axborot texnologiyalarini ommalashtirish va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga qaratilgan Anglashuv Memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi va “Huawei Tech Investment Tashkent” MCHJ XK oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida AKT sohasida hamkorlik qilish, IT-mutaxassislarning ilmiy-texnik salohiyatini oshirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazi va bulutli texnologiya xizmatlari yoʻnalishida zamonaviy yechimlar va xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish hamda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv Memorandumi hamda “Universal Mobile System” MCHJ hamda “Huawei Technologies Co. Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida mobil aloqa tarmogʻini kengaytirish va modernizatsiya qilishga oid shartnoma imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер