Hozirgi zamon pedagogika fanining oʻrganish obyekti
Bugun hayotimizning barcha jabhasida katta oʻzgarishlar yuz bermoqda. Milliy rivojlanishning yangi davriga qoʻyayotgan dadil qadamlarini, hech ikkilanmasdan, inson qadrini ulugʻlashga xizmat qilmoqda, desak, ayni haqiqat.
Ayniqsa, hozirda hamma bilib, koʻrib turganidek, butun insoniyat olami nihoyatda murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Butun yer yuzida iqlim keskin oʻzgarib, tabiat injiqliklari odamlar hayotiga qiyinchiliklar solib, ekomuammolar katta tabiiy xatarlarni koʻrsatib, barqaror hayotimizga xavf solmoqda.
Qolaversa, mamlakatlar oʻrtasidagi siyosiy majorolarni ortib borishi hozirgi dunyoda xalqaro ishonchni yoʻqotib, ertangi tinch hayotimizga vahima solmoqda. Biroq, shunday tahlikali xodisalarni namoyon boʻlishiga qaramay mamlakatimizda davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilandi.
Demak, Oʻzbekistonimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mazmuni insonga, uning farovon va baxtli hayot kechirishiga xizmat qilishdan iboratdir.
Vaqt va yillar oʻtib, kishilik jamiyatining kafolatlangan tinch va farovon hayotini kimlar yaratadi, degan oʻrinli savol tugʻiladi. Albatta, maʼrifatparvar bobolarimizning taʼbiri bilan aytganda, najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi.
Shu bois ham joriy yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qildi. Bu yilda maktablarda taʼlim sifatini yaxshlash, oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, ularga shart-sharoitlar yaratish muhim vazifalardan etib belgilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tegishli moddasida Oʻzbekiston Respublikasida oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi belgilab qoʻyildi. Shuningdek, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi, deb koʻrsatib qoʻyildi. Oʻqituvchi-muallimlarga berilgan bu katta maqom, kasb egalarining jamiyatimizdagi obroʻsi va ularga koʻrsatilayotgan hurmat-eʼtiborning namunasidir.
Yangi Oʻzbekistonda umumtaʼlim maktablariga yangicha yondashuvining oʻziga xos siyosatini, ijtimoiy-huquqiy munosabatlarini oʻrganish, sohaga mos yetuk kadrlar salohiyatini tayyorlash hoziri pedagogika fanining dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Umumtaʼlim maktablarining rahbar xodimlari maʼnaviyatini rivojlantirish mexanizmlarini takomillashtirish oʻz-oʻzidan boʻlib qolmaydi.
Buning uchun birinchidan, umumtaʼlim maktablarida ishlayotgan pedagoglar, ayniqsa, rahbar xodimlarning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarmogʻi kerak.
Ikkinchidan, bugungi yangilanishlar jarayonida maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan bir qator muammolarga boʻysunmaslik kerak.
Uchinchidan, bu sohadagi chet davlatlar tajribasini oʻrganish, yutuqlarga asoslangan tajribalarini amaliyotimizga tadbiq etish ham ijobiy koʻratqichlarni beradi.
Toʻrtinchidan, Yangi Oʻzbekiston uchun yangicha yondashuv bilan joriy etilgan ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar lavozimlaridan oqilona foydalanish, ularning faoliyatlarini jonlantirish, ijodkor, faollarini aniqlab, zahira kadrlar tizimiga qamrab olish va ularning ijodiy faoliyatlari orqali uzoq yillardan buyon besamara ishlab kelayotgan maktab rahbar xodimlariga taʼsir koʻrsatishlari amaliyotini qoʻllash lozim.
Beshinchidan, 2-3 yil davomida oʻz kasbi sohasida hech qanday loyihani joriy eta olmagan, qotib qolgan, “kun oʻtsa boʻldi” qabilida ishlaydigan rahbar xodimlardan voz kechishni tizimga joriy etish maqsadga muvofiq.
Oltinchidan, taʼlim muassasalarini boshqarishda milliy davlatchiligimiz tarixi, buyuk ajdodlarimizning boy tajribalarini hayotga keng tatbiq etish asosiy vositalardan hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida 2023-yildagi ustuvor yoʻnalishning biri etib, boshqaruvning ixcham va samarali tizimiga oʻtish taklifini ilgari surdi. Bu nafaqat vazirlik idoralarini qisqartiribgina qolmay, ixcham natijaga ishlaydigan tizimni, joriy etilgan tizimga yaraydigan kadrlar salohiyatini ham nazarda tutdi.
Boshqaruv faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishning rahbar shaxsiga, yaʼni uning ishga masulyatliligi, bilimi, mehnatsevarligi, rostgoʻyligi, zamonaviyligi, sogʻlom fikr yuritishi, kiyinish madaniyati, muomala odobi, axloqiyligi, ustozlarga hurmatda boʻlishi, shogirdlarga izzat koʻrsatib ishlashi, kamtar boʻlishi, oʻz ustida izlanib ishlashi, tashabbuskorligi kabi qator xususiyatlariga bogʻliqligi muhimdir. Obroʻ va eʼtiborga ega boʻlgan xodimga xos xususiyatlardan yana biri — ilmiy ishlarni afzal ibodatlardan, deb bilishidir.
Xususan, bugungi umumtaʼlim maktablari rahbar xodimlarining shaxsiy ahloqiy madaniyati — shaxsning axloqiy ongi orqali jamiyat maʼnaviyatini idrok etish, uning talablari taʼsiri ostida xatti-harakatlarida namoyon boʻladi.
Aflotun har bir odamning qalbida qarama-qarshi, oʻzaro tutash juft quvvatlar boʻlishini aytgan. Yaʼni, biri tahsinga sazovor, ikkinchisi hayvoniy quvvatlardir. Tahsinga sazovor boʻlgan kuchni rivojlantirish uchun tinmay qilingan mehnat, matonat yaxshi natijalarga erishtiradi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, taʼlim-tarbiya maktab ostonasidan boshlandi. Demak, yosh avlodni kelajakka munosib qilib tarbiyalash, bilim, kasb-hunar sirlarini oʻrgatish hozirgi zamonda, avvalo, oʻqituvchi, muallimlarga bogʻliq ekanligini hammamiz sezib-bilib turibmiz.
Shunday ekan, oʻqituvchilar faoliyatlarini muvofiqlashtirib, ular ishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyadigan, ularga oʻrnak boʻladigan taʼlim muassasalari rahbar-xodimlarining maʼnaviyatini rivojlantirish mexanizlarini oʻrganish, takomillashtirish usul hamda vositalarini ilmiy asoslab, tatbiq etish hozirgi zamon pedagogika fanining oʻrganish obyekti boʻlib qoladi.
Ravshanoy JOʻRABOYEVA,
Qori Niyoziy nomidagi Respublika pedegogika fanlari ilmiy tekshirish instituti tadqiqotchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring