Homilador yoki emizikli ayol roʻza tutishi mumkinmi?

22:38 10 Aprel 2021 Jamiyat
37987 0

Emizikli bolam bor. Bunday holda roʻza tutsam boʻladimi? Ushbu savolga Oʻzbekiston musulmonlar idorasi javob berdi.

«Bismillahir Rohmanir Rohim. Homilador yoki emizikli ayol roʻza tutganda bolasiga yoki oʻzining joniga zarar yetishidan qoʻrqsa, roʻza tutmaydi va keyinchalik roʻzaning qazosini tutib beradi. Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: «Homilador va emizikli ayol oʻz joniga yoki bolasiga zarar yetishidan qoʻrqsa, roʻzani ochadi va (imkon boʻlganda) qazosini tutadi. Ularga roʻzani ochgani uchun kafforat lozim boʻlmaydi. Zero, “Xulosa” kitobida shunday deyilgandir» («Fatavoi hindiya»).

Boshqa bir manbada bunday deyiladi: «Homilador va emizikli ayol bolasi yoki oʻziga zarar yetishidan qoʻrqsa, roʻzani ochishi joiz. Bu ruxsat qiyinchilikni ketkazish uchundir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh musofirdan roʻzaning (hammasini) va namozning yarmini, homilador va emizikli ayoldan roʻzaning (hammasini) koʻtargan”, deganlar (Imom Nasaiy Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan).

Homilador yoki emizikli ayolning roʻzani ochishi zarardan qoʻrqishga bogʻlab qoʻyildi. Bu qoʻrquv yo tajribalar natijasida paydo boʻlgan kuchli gumon bilan yoki musulmon, mohir tabibning xabar berishi bilan yuzaga keladi. «Fatavoi Zohiriya» kitobida shunday kelgan. Agar homilador yoki emizikli ayol bolasi yo oʻzining joniga zarar yetishidan qoʻrqmasa, roʻzani ochishiga ruxsat berilmaydi» («Bahrur-roiq»).

Demak, homilador yoki emizikli ayol roʻza tutsa bolasiga yoki oʻzining joniga zarar yetishini tajriba orqali bilsa, yoki buni tajribali, bilimdon musulmon (din-diyonatli) tibbiyot xodimi xabar bersa, roʻza tutmaydi. Imkon topganda qoldirilgan kunlarni har bir kuniga bir kundan qazosini tutib beradi.

Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, homilador va emizikli ayollar roʻza tutmaganlari uchun fidya bermaydilar. Chunki ular kelajakda roʻzaning qazosini tutishga qodir hisoblanadilar.

Homilador va emizikli ayollar farzandi yoki joniga zarar yetmaydigan boʻlsa, roʻza tutishlari shartdir. Ularga yuqoridagi ruxsatlar tegishli hisoblanmaydi. Ayniqsa bolalari taom yeyishga oʻrgangan emizikli ayollar bu borada taqvo bilan ish tutishlari lozim», deyiladi idora javobida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер