Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi
Foto: “Xalq soʻzi”
Benzinda yoki dizel yoqilgʻisida harakatlanadigan texnik nosoz bitta transport vositasidan yon – atrofga qancha miqdorda zararli modda tarqalishi mumkin?
Buxoro viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi atmosfera havosini muhofaza qilish shoʻbasi boshligʻi vazifasini bajarayotgan N. Ibodovning bildirishicha, bunday nosoz avtoulov bir oyda atrof – muhitga oʻrtacha 80 kilogramm tashlama gaz chiqaradi.
— Biz hamkor tashkilotlar koʻmagida ikki bosqichli “Toza havo” oyligini oʻtkazib boryapmiz,— deydi u.— Dastlabki bosqichda 18130 ta transport vositasining holatini oʻrganganimizda ularning 237 tasi ekologik nosoz holatda ekani aniqlandi. 130 tasi joyida sozlandi. 107 ta avtoulov haydovchisi esa ekonosoz transportni boshqarayotgani uchun yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan maʼmuriy jarimaga tortildi. Ikkinchi bosqichda 221 ta avtomobil ekologik jihatdan nosoz holatdaligi aniqlanib, ulardagi nuqsonlarni ham bartaraf etishga doir chora – tadbirlar koʻrildi. Fikrimizcha, metan va propan gazida harakatlanayotgan avtomobillar sonining koʻpayotgani ijobiy holatdir. Chunki ular benzin va dizel yoqilgʻisida harakatlanadigan avtoulovlarga nisbatan havoga 50 foizgacha kam tashlama gazlar chiqaradi. Qolaversa, ilgʻor davlatlar tajribasidan kelib chiqib, elektromobillar sonini koʻpaytirishga eʼtibor qaratilsa ayni muddao boʻlardi.
Mutaxassisning bu haqda alohida toʻxtalishi bejiz emas. Avtomobillardan ajralib chiqayotgan zararli moddalar atrof – muhit tozaligiga jiddiy ziyon yetkazmoqda. Ilm – fanda aynan shunday moddalar hatto onkologik kasalliklar, oʻpka xastaliklarining kelib chiqishiga sabab boʻlayotgani aniqlangan. Binobarin, yozi oʻta issiq keladigan, bahori-yu kuzida qum boʻronlari kuzatilayotgan Buxoroda havoni toza saqlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Turistik salohiyati yuqori Buxoro shahrida qoʻshni viloyatlar hamda tumanlardan kirib kelayotgan avtoulovlarni qoʻshib hisoblaganda har kuni 50 mingtadan ziyod transport vositasi harakatlanishi, xorijiy sayyohlar ham ekologik toza, salomatlikka xavf – xatar tugʻdirmaydigan goʻshalarga tashrif buyurishi nazarda tutilsa masala mohiyati yanada oydinlashadi. Negaki, avtoulovlar orasida ekologik jihatdan nosoz avtomobillar yoʻq, deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Shu nuqtai nazardan Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi hamda uning viloyat boshqarmasi tomonidan Buxoroda ekotaksilar faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani toʻgʻrisidagi xabarni jamoatchilik atrof – muhitni muhofaza qilish borasidagi muhim qadam sifatida qabul qildi. Birida 30 ta, yana bir xabarda 20 ta ekologik toza boʻlgan yengil avtomobillar keltirilgani aytilgan maʼlumotlarda bu avtoulovlar yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatish sifatini yaxshilashi, toʻliq elektr energiyasi bilan quvvatlanishi, 10-iyundan boshlab harakatlana boshlashi, ularning taqdimot marosimida shahar mutasaddilari ham ishtirok etishgani taʼkidlangan edi.
Maʼlum boʻlishicha, bunday yengil avtomashinalarni “White house Bukhara” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijdan xarid qilgan. Xoʻsh, ortda qolgan besh oy davomida mazkur avtoulovlardan qanday foydalanildi, ular oʻz afzalligini koʻrsatdimi, bunday transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish uchun shart – sharoitlar mavjudmi, ular xizmatidan yoʻlovchilar mamnunmi? Biz shu kabi qator savollar bilan viloyat transport boshqarmasi bosh mutaxassisi Umid Bahronovga murojaat qildik.
Uning bildirishicha, ekotaksilar faoliyatini yoʻlga qoʻyish tashabbuskori xususiy korxona yaʼni “White house Bukhara” MCHJ boʻlgan. Bu korxona qonunchilik nuqtai nazaridan boshqarmaga boʻysunmaydi. Aniqrogʻi, hisobot topshirmaydi. Shundan soʻng masʼuliyati cheklangan jamiyat rahbari Sunnat Berdiyev bilan bir amallab bogʻlanganimizda esa u har gal “Oʻzim sizga qoʻngʻiroq qilaman. Yuzma – yuz suhbatlashamiz” deyishdan nariga oʻtmadi.
Darvoqe, ushbu MCHJ tomonidan bir paytlar “nol” qiymatda xarid qilingan avtokorxonaning sobiq parkida yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatishga moʻljallangan ekotaksilarning bir qismi bekor yotganini koʻrish mumkin. Balki “Holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi” deganlari shudir?
Tabiiyki, 20 – 30 ta ekoavtomobilʼ viloyatdagi benzin va dizel yonilgʻisida harakatlanayotgan 85 mingtadan ziyod avtotransport vositasi oldida dengizdan tomchidek gap. Lekin shu yoʻnalishsiz ekotaksilarning afzalligi amalda koʻrsatib berilganida yurtimizda elektr energiyasidan quvvat olib harakatlanadigan avtoulovlarga qiziqish oshar, ular soni tezroq koʻpayar, atrof – muhitga chiqarilayotgan tashlanma gazlar miqdori sezilarli darajada kamayarmidi, degan oʻyga borasan, kishi. Viloyat boʻyicha ayni damda atigi 255 ta elektromobil borligi ham kishini shunday oʻy – xayolga undaydi.
Binobarin, gap havomiz musaffoligi, yon – atrof tozaligi, odamlar salomatligi , qolaversa, turizm ravnaqi haqida borganida havoyi gaplar emas, tizimli, amaliy ishlar kerakligi ayon boʻladi . Buni soha mutasaddilari chuqurroq oʻylab koʻrishsa foydadan holi boʻlmasdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring