Hokimga savolingiz bormi?
Foto: Xalq so‘zi
Shu yilning 15-iyun kuni Prezidentimiz raisligida aholini kasb-hunarga tayyorlash va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda maktab, kollej va texnikumlarni bitirgan, katta hayotga qadam qoʻygan yoshlarning bandligini taʼminlash, ushbu maqsadda shahar-tuman hokimlari hududdagi bitiruvchilar bilan yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazishi zarurligi belgilandi.
Fargʻona viloyatining Oʻzbekiston tumani hokimi Sherzodjon Yuldashev bu borada belgilangan eng muhim vazifalar ijrosi yuzasidan 2-sonli kasb-hunar maktabida bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi.

Tuman hokimi oʻrinbosarlari, aholi bandligiga koʻmaklashish markazi va boshqa tegishli tashkilot, muassasalar rahbarlari ishtirokidagi uchrashuvda hududdagi 4- va 8-umumtaʼlim maktablari bitiruvchilari ham qatnashdi.
Muloqotda bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish, kasb-hunarga oʻrgatish, ayni jarayonda umumtaʼlim va kasb-hunar maktablarida olib borilayotgan chora-tadbirlar bevosita 2-sonli kasb-hunar maktabi misolida muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur kasb-hunar maktabini joriy yilda 3 ta yoʻnalish boʻyicha 208 nafar yigit-qiz bitirdi. Ular oʻrtasida oʻtkazilgan dastlabki soʻrovnoma natijalariga koʻra, 64 foizi oliy taʼlim muassasasalarga hujjat topshirish, 24 foizi tadbirkorlik bilan shugʻullanish, 12 foizi esa egallagan kasbi boʻyicha faoliyatini davom ettirish istagini bildirgan.
Eʼtiborlisi, tadbirkorlik bilan shugʻullanish niyatidagi bitiruvchi yoshlardan baʼzilari ayni shu sohada oʻz faoliyatini boshlashga ham ulgurdi. Ularning 2 nafari sartaroshlik, 5 nafari payvandlash ishlarini yoʻlga qoʻygan boʻlsa, 10 nafari avtomobillarga servis xizmati koʻrsatish shoxobchasini ochdi hamda 8 nafar qizlar tikuvchilik sexini tashkil etdi.

Bitiruvchi Ziyodbek Sharifjonov tuman hokimiga savol bilan yuzlanib, kasb-hunar maktabi oʻquv-mashgʻulot ustaxonalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash taklifini ilgari surdi. Sarvar Alimov oʻzi amaliyot oʻtagan korxonada doimiy ish bilan band boʻlishida amaliy yordam soʻrab murojaat qildi.
Samimiy muloqot davomida kasb-hunar maktabida IT-markaz tashkil etish, bitiruvchilarni hududga yaqin Shoʻrsuv mahallasidagi sanoat va qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalariga koʻproq jalb etib, bandlikni taʼminlash takliflari ham oʻrtaga tashlandi. Takliflar maʼqullanib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi va ijrosi boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
— Yoshlarning orzu-maqsadlari, shijoati, intilishi havas qilishga arziydi,-deydi Oʻzbekiston tumani hokimi Sh. Yuldashev. — Bu yil tumandagi 2 ta kasb-hunar maktabi, 71 ta umumtaʼlim, 4 ta ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabini 3 ming 200 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar bitirdi. Ularning qariyb 80 foizi oʻqishni oliy taʼlimda davom ettirish niyatida. Kelajagimiz vorislarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.
Ayni kunlarda Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarida hokimlarning bitiruvchi yoshlar bilan ana shunday mazmundagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring