Hokim yordamchisi tashabbuskor boʻlsa, mahallada ishsizlik yoʻqoladi
Foto: Xalq so‘zi
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 3-dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻtgan yili joylardagi MFYda hokim yordamchilari ish boshlagan edi.
Bugun hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar samaradorligini taʼminlashda, mahallalarda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni hal etishda hokim yordamchilarining hissasi sezilarli oshib bormoqda, desak yanglishmaymiz. Bevosita ularning saʼy-harakati bilan joylarda ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarning bandligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirish choralari amaliy tasdigʻini topmoqda.

Samarqand viloyati Urgut tumanining “Sovgʻon” mahalla fuqarolar yigʻinida bugungi kunda 5,5 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda bandlik darajasini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hokim yordamchisi tomonidan oʻtkazilgan dastlabki xatlov natijasiga koʻra, mahallada 176 nafar ishsiz fuqaro aniqlangan. Shunga koʻra hokim yordamchisi ishni ishsizlikni bartaraf etish, daromadsiz oilalarning daromad manbaini yaratishdan boshladi.
— Dastlab mahalladagi mavjud 1 ming 78 ta xonadonga uyma-uy kirib, ularning sharoiti va bandligini oʻrganib chiqdik, — deydi “Sovgʻon” MFY hokim yordamchisi Matlab Ismoilov. — Jumladan, 68 nafar fuqaroga yer berildi, 61 nafariga oʻzini oʻzi band qilish maqsadida turli imtiyozli kreditlar ajratildi. Boquvchisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan 5 nafar ayolga tikuv mashinalari olib berildi. Mahallamizga ajratilgan 956 million soʻm imtiyozli kreditni maqsadli sarflab, aholining bandligini taʼminlayapmiz. Hozirda mahallamizda ish bilan band boʻlmagan birorta ham kishi qolmadi.
Xullas, bugungi kunda mazkur mahallada kartoshkachilik, issiqxonachilik, tovuqchilik va quyonchilik keng yoʻlga qoʻyilgan. Bundan tashqari koʻplab tadbirkorlik subyektlari ham ish boshlagan. Bu esa oilalarga qoʻshimcha daromad kiritmoqda.
Mahallada istiqomat qiluvchi Nilufar Meliqulova aynan hokim yordamchisining koʻmagidan minnatdor aholi vakillaridan biri.
— Oʻtgan yili hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 22 million soʻm kredit olib, tikuv sexini ochdim, — deydi Nilufar. — Shu qisqa vaqtda oʻnlab shogirdlar tayyorladim. Hozirda oʻndan ziyod ishchi oʻrni yaratganman. Bizga maktablar va maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan koʻproq buyurtmalar boʻlyapti. Bundan tashqari koʻylak, kostyum-shim, parda tiktirmoqchi boʻlgan mahalladoshlarimizning qadami uzilmaydi. Daromadimiz ishimizga yarasha - barakali. Muhimi, roʻzgʻorimiz but, ishimiz tayin, kunimiz behuda oʻtmayotganiga shukr.
Aytganday, mahallada oʻz mablagʻlari va imtiyozli bank krediti asosida bitta oilaviy maktabgacha taʼlim tashkiloti ham tashkil qilindi. Ayni vaqtda mazkur bogʻchada 3 yoshdan 6 yoshgacha boʻlgan 50 nafar kichkintoy taʼlim-tarbiya olyapti.
Mahalla fuqarolar yigʻinida ish qizgʻin, bu yilgi rejalar ham ulkan. Hokim yordamchisi yetakchiligida yil davomida roʻyobga chiqariladigan yangi loyihalar, mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlar uchun ish oʻrinlari yaratish ustida ishlanmoqda.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring