Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida havo koridori Oʻzbekiston uchun qanchalik istiqbolli?

17:44 23 Avgust 2020 Iqtisodiyot
1385 0

Joriy yilning 21-avgust kuni Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) tomonidan “Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida havo koridorini tashkil etishning istiqbollari” (The Way Forward for Developing India-Central Asia Air Corridor) mavzusida vebinar oʻtkazildi. 

Qayd etilishicha, tadbirda Hindiston Tashqi ishlar va Fuqaro aviatsiyasi vazirliklari, Dehli xalqaro aeroporti, Hindiston ekspeditorlari federatsiyasining havo tashuvlari boʻyicha mutasaddi vakillari, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Turkmaniston aviakompaniyalarining Dehlidagi vakolatxonalari xodimlari, Oʻzbekiston va Hindiston diplomatlari ishtirok etgan.

Vebinarda hindistonlik ishtirokchilar ayni vaqtda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi siyosiy munosabatlarga nomutanosib ekani, ushbu sohada alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan koʻplab jihatlar mavjudligi, mintaqa davlatlari, ayniqsa Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan tabiiy mahsulotlarni Hindiston bozoriga olib kelish hamda hind tovarlarini Markaziy Osiyoga yetkazib berish uchun yetarlicha imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Bu boradagi ishlarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish maqsadida Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida oʻzaro “havo yoʻlagini” tashkil etishning muhimligi aytib oʻtildi.

Bunday koridorning ochilishi natijasida Hindistondan mintaqa mamlakatlariga yetkazilayotgan mahsulotlarni vaqt va mablagʻ tejagan holda dunyoning boshqa davlatlariga, xususan Yevropaga olib borish va, oʻz navbatida, Markaziy Osiyo tovarlarini Hindiston orqali Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari bozoriga kirishi uchun qulay imkoniyatlar yuzaga kelishi haqida taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning istiqbollariga alohida toʻxtalgan holda, ikki mamlakatning savdo-sotigʻi tobora kengayib borayotgani, respublikamizning turli sohalarda eksport imkoniyatlari ortayotgani, shuningdek Oʻzbekistondan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, quritilgan mevalar, asal, limon, qovun hamda Hindistondan banan, mango va boshqa turdagi mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berish imkoniyatlari mavjudligi borasida ham fikr almashildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер