“Hech”dan koʻra “kech” yaxshi emasmi?

14:23 08 Yanvar 2021 Jamiyat
2200 0

Voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun jinoiy javobgarlik koʻzda tutilayotgan qonun loyihasining ilgari surilishi munosabati bilan ayrimlar uni “kechiktirilgan qonun tashabbuskorligi” sifatida ham baholashmoqda.

Buni, bir tomondan, tushunish va shunday “baholash” ham mumkin. Zero, “voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilish” “azob”ini, bir paytlar, oʻzim ham issiq tanamda ancha oldin “tatib” koʻrganman. Masalan, 3-sinfdaligimdan boshlab, to oʻrta maktabni bitirgunimcha bu “balo”dan qochib qutula olmaganmiz. Bundan oʻsha paytdagi tengdoshlarimning barchasi “bahramand” boʻlishgan. Oʻshandan hozirgacha 50 yildan koʻproq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, koʻlami keyingi 4-5 yil ichida keskin qisqargan boʻlishiga qaramasdan, uning turli-tuman “koʻrinish”lari hamon saqlanib qolmoqda. Ular esa, oʻz navbatida, qator ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va h.k. muammolarni keltirib chiqarmoqda. Jumladan, mamlakatimizning xalqaro qiyofasiga ham u oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda... 

Nega? Bizningcha, buning eng asosiy sabablaridan biri — taʼsirchan huquqiy asosning yetarli darajada emasligi. Shu bois, voyaga yetmaganlarni majburiy mehnatga jalb qilganligi uchun jinoiy javobgarlik koʻzda tutilayotgan qonun loyihasining ilgari surilishini, ikkinchi tomondan, yaʼni, kech boʻlsa-da, lekin shunday boʻlishiga qaramasdan, tegishli muammoni hal etishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan zaruriy qadam (holat) sifatida baholash maqsadga muvofiq. Shuning uchun unga kesatiq tarzda yoki achchiq qilib “kechiktirilgan qonun tashabbuskorligi” sifatida emas, balki aynan biz taʼkidlagan tarzda yondashish oʻzining maʼnosiga ega. Zero, dono xalqimizda “Hech”dan koʻra “kech”, deb bejiz aytilmagan. Shu maʼnoda, ayni paytda har bir qilinayotgan ishga yaxshilik nuqtai-nazaridan qarab, ularni yana-da taʼsirchan va samarali boʻlishiga hissa qoʻshish alohida ahamiyat kasb etadi. 

Tohir MALIKOV,
iqtisod fanlari doktori, professor

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер