Hayot-mamot kurashi hali davom etmoqda!

15:54 21 Yanvar 2022 Jamiyat
941 0

Foto: “Xalq so‘zi”

Ayni kunlarda koronavirus bilan kasallanish boʻyicha kunlik koʻrsatkichlar dunyo mamlakatlari, xususan, yurtimiz hududlarida ham ortib, pandemiya boshidan buyon rekord darajaga yetmoqda. Afsuski, ushbu kasallik endilikda nafaqat katta yoshli insonlar, balki bolalarda ham asoratlar bilan kuzatilyapti.

“Xalq soʻzi” muxbiri Fargʻona viloyatidagi 2-viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida boʻldi.

Tez yordam mashinasi ogohlantiruvchi chiroqlarini yoqib katta tezlikda kelar ekan, orasta hovlidagi sokin hayot tarzi bir zumda oʻzgardi. Maxsus jihozlangan avtomashinada hayot uchun kurashayotgan yana bir bemor yotibdi. Najot bilan moʻltirab yotgan bemorni tibbiyot xodimlari chaqqonlik bilan jonlantirish boʻlimiga olib kirib ketishdi.

Ayni lahzalarda yuzlab chiroqlar yulduz misoli porlagan xonada hayot-mamot masalasida navbatdagi jiddiy kurash avjiga chiqadi: hozir shifokorlar uchun bilim, ilmiy-amaliy tajriba, inson hayoti va taqdiri uchun daxldorlik tuygʻusi juda ham muhim. Bemorga esa hayotga muhabbat, kuchli iroda, sabr-matonat kerak...

— Xavf hali ortda qolgani yoʻq, — deydi muassasa bosh shifokori Akmaljon Shermatov. — Afsuski, aksariyat hamyurtlarimiz pandemiyaning eng oddiy talablariga rioya etishni ham unutib qoʻymoqda. Toʻylar yana eski holiga qaytdi, ommaviy tadbirlarda belgilangan karantin qoidalariga amalga qilinmayapti. Oramizda asossiz bahonalar bilan vaksina olmay yurganlar koʻp. Hozirda muassasamizda davolanayotgan bemorlarning 90 foizi vaksina olmaganlar sirasiga kiradi.

Shifoxona 24 soat davomida uzluksiz faoliyat koʻrsatishi uchun rentgen, kislorod kondensatori, pulsoksimetr, PZR-test, zarur dori-darmonlar, sarflov moslamalari, dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan taʼminlangan. Maxsus ixtisoslashgan 350 oʻrin-joyning 200 tasi intensiv terapiya, 150 tasi reanimatsiya boʻlimi uchun ajratilgan. Muassasada 24 nafar shifokor, 75 hamshira va yigirmadan oshiq kichik tibbiyot xodimlari uch smenada, 8 soatlik ish rejimida faoliyat koʻrsatmoqda.

Bosh shifokorning qayd etishicha, Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining eng soʻnggi tavsiyalari asosida doimiy ravishda oʻquv-amaliy mashgʻulotlari tashkil etilmoqda. Chunki virusning yangi shtammlari qayd etilishi amaliyotga yangi davolash usullarini joriy etishni taqozo qilmoqda.

Bu yerda davolanayotganlarning aksariyati yengil, oʻrtacha ogʻir darajadagi bemorlardir. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kamaydi. Oʻpkada jiddiy zararlanish deyarli kuzatilmayapti. Shuning uchun davolanish muddati qisqarib, ogʻir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi Remdesivir va boshqa dori vositalariga boʻlgan ehtiyoj tobora kamayib bormoqda.

— Koronavirusning “Omikron” shtammi sayyoramiz aholisining yana tinchini buzdi, — deydi reanimatolog Furqat Dadaboyev. — Pandemiyaning yangi toʻlqini avj olgan davlatlarda qoʻshimcha karantin cheklovlari orqali kasallikning keng tarqalishining oldini olishga harakat qilinmoqda. Mamlakatimiz, xususan, Fargʻona viloyatida ham vaksina olmagan va “manfiy” test natijasi boʻlmaganlar bilan ishlash kuchaytirildi. Aholini buster-doza bilan emlash choralari koʻrilmoqda.

Muassasa shifokorlari hozirgi qaltis vaziyatda vaksina olish, ayniqsa, qoʻshimcha dozada vaksina olish eng samarali va toʻgʻri yoʻl ekanligini taʼkidlayotgani bejiz emas. Boisi bemorda kasallik jarayoni biroz yengil oʻtayotgan boʻlsada, uning yuquvchanlik darajasi avvalgi turlariga qaraganda ancha yuqoridir. Shu sababli birinchi navbatda profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi.

Shuni afsus bilan qayd etish kerakki, Fargʻona viloyatida ham soʻnggi kunlarda kasallanishlar soni tobora ortmoqda. 2022-yilning 20-yanvar kuni viloyatda 173 nafardan ziyod insonda koronavirus infeksiyasi aniqlandi.

Viloyatda 2 mln 418 ming 520 nafar fuqaro koronavirusga qarshi emlanishi rejalashtirilgan. Ayni kungacha viloyatda jami 4 mln 477 ming 209 doza vaksinadan foydalanildi. Toʻliq bosqichlarda emlangan fuqarolar soni 1 mln 37 ming 300 dozani tashkil etmoqda. Shuningdek, 80 ming nafar hamyurtimiz buster doza bilan emlandi. Ular “Astra Zeneca”, “Sputnik V“, ” Sputnik Light” hamda “ZF-UZ -Vac 2001» vaksinalaridan foydalanishni maʼqul koʻrishdi.

Fargʻona viloyatida 170 ming nafarga yaqin bolalar Pfizer vaksinasi bilan emlanishiga erishildi. Maʼlumotlarga koʻra, bolalarni koronavirusga qarshi emlash koʻrsatkichlari boʻyicha Fargʻona (169 ming 643 doza) viloyati mamlakatimiz hududlari ichida eng yaxshi natijaga erishgan. Shunga qaramay, koronavirusga chalinayotganlar soni boʻyicha ham respublika viloyatlari ichida qoʻshtirnoq ichidagi yetakchilardan biri boʻlib turibdi. Demak, hayot-mamot kurashi hali davom etadi!

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер