Hasanqoralik millioner tomorqachilar

20:19 08 Aprel 2022 Jamiyat
900 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumani Hasanqora qishlogʻida tomorqadan foydalanish borasida oʻziga tajriba maktabi yaratilgan.

Qishloq aholisining aksariyati ertangi sabzavot koʻchatlari yetishtirish bilan shugʻullanib, har yilgi mavsumda 10 million donaga yaqin sabzavot koʻchatlari sotishadi. Shu kunlarda hasanqoraliklar nafaqat yon-atrofdagi tumanlar, balki qoʻshni viloyatlarga ham koʻchat yetkazib berayotgani ularning bu borada nechogʻli mirishkorligini koʻrsatadi.

Hasanqoralik Muhammadjon Sobirov 10 sotix yerda 9 ta kichik issiqxona tashkil etib, qish va bahor oylarida sabzavot koʻchatlaridan, yozda esa kartoshka va bulgʻor qalampiridan moʻl hosil yetishtiradi.

— Bir yilda sabzavot va boshqa ekinlardan oʻrtacha uch martagacha hosil olamiz, — deydi Muhammadjon Sobirov. — Issiqxona usulida pomidor, bodring, qalampir, baqlajon, karam koʻchatlari yetishtiriladi. Koʻchatlarimizni qoʻshni tumanlar, Andijon va Namangan viloyatlaridan ham kelib olib ketishadi. Tomorqada koʻchat yetishtirib sotish orqali yiliga 35-40 million soʻm daromad qilamiz.

Shu qishloqda yashovchi Shamsiddin Farmonov ham uzoq yillardan beri sabzavot koʻchatlari yetishtirish bilan shugʻullanib kelmoqda. Dehqonchilik ilmi mirishkori bu mavsumda yangi tajribaga qoʻl urdi. Tomorqasida 2,5 sotixli issiqxona qurib, bu yerga 3,5 ming tup qulupnay koʻchati ekdi. Hozirda qulupnay koʻchatlari moʻl hosil tukkan.

“Hasanqora” MFY raisi Akramjon Yormatovning maʼlum qilishicha, bugungi kunda mahalladagi 300 dan ziyod oilalar koʻchatchilik bilan shugʻullanib, salmoqli daromadga ega boʻlmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер