Harbiylarga bayram tuhfasi
Tinchlik va osoyishtalik mamlakatda barqaror taraqqiyotning kafolati. Shu bois bunyodkor xalqimiz azaldan tinchlik va osoyishtalikni Vatan, ona, ozodlik kabi muqaddas tushunchalar qatorida ulugʻlab, mamlakat sarhadlari daxlsizligi va xavfsizligi himoyachilari har doim hurmat va eʼtiborda boʻlgan.

Ayniqsa, Vatan himoyachisi degan sharafli kasbni ulugʻlab, kindik qoni tomgan yurt tuprogʻini sharaf bilan qoʻriqlayotgan harbiylarning turmush sharoitini yaxshilash, ularning oilalarini barcha qulayliklarni oʻzida mujassam etgan uy-joy bilan taʼminlash ustuvorlik kasb etmoqda. Shu jihatdan mamlakatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari uchun turar joylar qurish dasturi toʻgʻrisidagi qarori Vatan himoyachilari va ularning oilasiga yuksak gʻamxoʻrlikning amaliy ifodasidir.
Mazkur qaror asosida har yili Vatan himoyachilari bayrami arafasida harbiy xizmatchilar uchun qurilgan uy-joylarni foydalanishga topshirish anʼanaga aylangan. Joriy yilda ham oʻn besh nafar harbiy xizmatchi hamda Milliy gvardiya xodimlarining oʻn besh nafari Navoiy shahridagi 18-kichik dahada oʻz xonadoniga ega boʻldilar.
— Yigirma bir yillik harbiy xizmatimda uch viloyat hududida harbiy burchimni oʻtab, ijarada yashadik, — deydi uch xonali uyga koʻchib oʻtgan Ulugʻbek Qoʻziyev. — Shu oraliqda uch farzandli boʻlib, toʻngʻichlari voyaga yetib qoldi. Shu maʼnoda bugun harbiy xizmatimiz va hayotimizning eng baxtli damlaridan biridir.
— Ushbu uy bizning oilamizga Yangi yil shukuhi yana bir qadrli sana – Vatan himoyachilari kuniga ulanib ketadigan qutlugʻ ayyomlarda muhtaram Prezidentimiz, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari Oliy bosh qoʻmondonining munosib sovgʻasi boʻldi, — deydi Milliy gvardiya xodimi Joʻrabek Murodov. — Biz harbiylar bu gʻamxoʻrlikdan ruhlanib, oʻz ustimizda tinimsiz ishlab, siyosiy va jangovar tayyorgarligimizni oshirishda, yangi-yangi marralarni zabt etamiz.
Tadbirda Respublikamiz Qurolli Kuchlarining mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlash, xalqimizning tinchligi hamda bunyodkorlik mehnatini himoyalash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyatini inobatga olib, Yurtboshimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor alohida taʼkidlandi.
Uylarni harbiy xizmatchilarning oilalariga topshirish tantanalarida Respublika Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni O.Saidov, viloyat hokimi K. Tursunov ishtirok etdi.
Temur ESHBOYEV
(“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring