Harbiylar Vatanning faxri, gʻururi!
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami Fargʻona viloyatida ham keng tantana qilindi.
Bayram munosabati bilan Fargʻona shahridagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qoʻyish marosimi va harbiy boʻlinmalar marshi oʻtkazildi. Tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimi, harbiy-maʼmuriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov, Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, general mayor Oybek Saidov, viloyat sektorlari rahbarlari, viloyat xavfsizlik va mudofaa tizimi rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Shu kuni bayram tadbiri Islom Karimov nomidagi viloyat Teatr-konsert saroyida davom etdi. Unda Fargʻona viloyati hokimi barcha harbiylar va ularning oila aʼzolarini bayram bilan samimiy qutladi.
Tantanada yurt tinchligi yoʻlida sidqidildan xizmat qilayotgan bir guruh harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga viloyat hokimining faxriy yorliqlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Bayram arafasida boʻlib oʻtgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida Prezidentimiz “Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur” deya alohida eʼtirof etgani bejiz emas, — deydi polkovnik Jamshid Karimov. — Boisi bugungi dolgʻali zamonda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning oʻrni va ahamiyati beqiyos. Aholi, ayniqsa, yoshlarni shunday ruhda tarbiyalashda harbiylar faollik va ibrat koʻrsatishi zarur. Bugungi eʼtibor va ragʻbat esa biz harbiylarni ezgu tashabbuslar ijobati yoʻlida yanada gʻayrat-shijoat bilan faoliyat olib borishga undaydi.
Tadbirga sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yanada fayz baxsh etdi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring