Harbiylar 102 yoshli otaxon duosini olishdi
— Fayzullo Hojiyev nafaqat oʻzi istiqomat qilayotgan Buxoro tumani Arabxona qishlogʻi, balki viloyat, qolaversa, mamlakatimizning tabarruk yoshdagi otaxonlaridan, — deydi Buxoro shahridagi 522-safarbarlik chaqiruv rezervi batalyoni komandirining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Zafarbek Isakov. — Bu inson endigina yigirma yoshga kirganida Ikkinchi jahon urushiga yoʻl olgan. Ayovsiz janglarda uch bor yaralangan. 1945-yilda ona-yurtga qaytib, xalqimiz farovonligi yoʻlida mehnat qilgan. Besh oʻgʻil, besh qizning padari buzrukvori sanalgan Fayzullo ota “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Batalyon komandiri oʻrinbosari bu haqda bejiz soʻz ochgani yoʻq. Yaqinda mazkur batalyonning bir guruh zobitlari Fayzullo Hojiyev xonadonida boʻlib, tabarruk 102 yoshni qarshilayotgan otaxon holidan xabar oldilar. Qisqa, ammo mazmunli kechgan uchrashuvda ortda qolgan suronli yillar, quroldosh doʻstlar eslandi, tinchlik, osoyishta kunlar, non qadru qimmati haqida soʻz bordi. Birinchi guruh nogironi sanalgan otaxonga sovgʻa-salomlar ulashildi. Oʻz navbatida Fayzullo ota barcha Vatan himoyachilari haqiga duo qilib, yosh avlodni ezgu anʼanalarga sadoqat ruhida tarbiyalashdek xayrli ishda zobitlarga muvaffaqiyat tiladi.
Aytish kerakki, shu kunlar batalyon harbiy xizmatchilari uchun esda qolarli damlarga boy boʻlmoqda. Ular “Yangi Oʻzbekiston armiyasi — mamlakat qudrati, yuksak gʻurur va sadoqat timsolidir” shiori ostida oʻtkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etishmoqda. Chunonchi, kuni kecha harbiy xizmatchilar uchun Buxoro shahridagi Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyiga sayohat uyushtirildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring