Harbiy-vatanparvarlikning tarixiy ildizlari
Yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari, insoniyat taraqqiyotida olimlarning diqqat markazida boʻlgan. Buyuk davlat arbobi va sarkardalarning xalq tinchligini asrash uchun amalga oshirgan faoliyatlari orqali buni anglash mumkin. Ular oʻz muvaffaqiyatlarini koʻp jihatdan fidoyi vatanparvar shaxslarni tarbiyalash bilan bogʻliq jarayon deb hisoblashgan. Tahlil qilish barobarida umuminsoniy qadriyatlar qatori, kattalarga hurmat, jamiyat, xalq urf-odatlariga va oilaga muhabbat eng muhimi Vatanga sadoqat kabi fazilatlarni ajratib olish mumkin.
Qadimgi davrlarda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi dastavval urugʻlar keyinchalik qabilalar oʻrtasida namoyon boʻlib borgan. Jumladan, ota-bobolarining ruhlariga yoki totemlarga, qabilaning ajdodlariga sigʻinish orqali gʻayritabiiy kuchlarni berishgan deb hisoblashgan. Buning natijasi esa yosh avlod oʻz xalqi bilan faxrlanish tuygʻusini his qilishgan va oʻz qabilasiga mansubligidan faxrlanishgan.
Qadimgi Yunonistonda harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini insonga emas, balki davlat manfaatlariga bogʻliq holat deb hisoblashgan. Yaʼni, kichik quldorlik davlat fuqarolaridan yigʻilgan askarlar mamlakat tashqarisida, oʻzlari haqida oʻylashlari mumkin boʻlmagan, ular yollangan himoyachilar deb qaralgan. Yunon davlat arbobi, sarkarda Periklning qarashlarida vatan himoyachilari yuqori fuqarolik ongi va maʼnaviy madaniyati bilan ajralib turadigan axloqiy insonlar deb taʼriflagan. Ular oʻz manfaatlarini davlat manfaatlari bilan birlashtirgan toʻlaqonli fuqaroni ifodalashgan.
Faylasuf Suqrot insonning oʻzgarmas va umumiy axloqiy sifatlari orasiga Vatanga muhabbat tuygʻusini qoʻshgan. Demokrat esa tarbiya natijasi axloqli, hamma narsada mustaqil va jamoat burchiga muvofiq harakat qilish kerak deb taʼkidlagan. Bu fikrlar oʻsha davr mafkurasida oʻz ifodasini topgan.
Shuningdek, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasini din bilan bogʻliq holda ham jamiyat aʼzolariga singdirilgan. Bunda diniy marosimlar orqali oʻz urugʻ va qabila vakillarini ulugʻlashgan. Jamoa aʼzolarini ehtimol intuitiv darajada harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi fuqarolarni birlashtirgan va ular oʻz xalqini himoya qilishga, ularning farovonligini taʼminlashga undaydigan kuch sifatida qarashgan.
Davlatchilik paydo boʻlishda harbiy-vatanparvarlikning taʼsiri, yagona ammo shu bilan birga juda kuchli vosita boʻlgan. Harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi har doim oʻz mamlakati, xalqi va uning yutuqlari bilan faxrlanishni kuchaytiradi. Shuning uchun, davlatchilikning rivojlanishi bilan mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanishi bu masalada muhim rol oʻynay boshlaydi. Shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, aholining keng qatlami uchun madaniyat va sanʼat har doim harbiy-vatanparvarlik tuygʻularining dirijyori hamda ragʻbatlantiruvchisi boʻlgan va boʻlib qolmoqda.
N.I.Xalilova,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash kafedrasi professori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring