Harbiy qismda bir kun
Foto: Xalq so‘zi
Sharqiy harbiy okrug Fargʻona garnizonidagi harbiy qismda Yoshlar ittifoqining Fargʻona viloyati kengashi bilan hamkorlikda “Harbiy qismda bir kun” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.

Fargʻona viloyatining shahar va tumanlaridagi maktablarda yoshlar sardori boʻlib faoliyat yurituvchi oʻgʻil-qizlarga dastlab harbiy liboslar berildi. Shundan soʻng harbiy qism Xotira maydonida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida halok boʻlgan Vatan himoyachilari yodga olindi.
Harbiy qism oʻquv binolari, kutubxonasi, ixtisoslashgan markazlar hamda yotoqxona boʻylab sayohat yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi. Tadbir ishtirokchilariga oʻz jismoniy imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishiga imkoniyat yaratish maqsadida sport musobaqalari uyushtirildi. Harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan yaqindan tanishtirish uchun askarlar ishtirokida mahorat darslari oʻtkazildi.
— Tadbirlar doirasida harbiy qism oshxonasida tushlik tashkil qilinib, maroqli suhbat fayzli dasturxon ustida davom etdi, — deydi Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmati rahbari, podpolkovnik Faxriddin Nutfillayev. — Suhbat davomida yoshlarning aksariyati Vatan himoyachisi boʻlish ishtiyoqi paydo boʻlganini aytib, kelgusida harbiy qismlarda xizmat qilish istagini bildirdi.
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring