Harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi metodikasini takomillashtirish usullari: muammo va yechimlar
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi metodikasini takomillashtirish usullari: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani oʻtkazildi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi FVV Maxsus vazifalar boʻyicha respublika qutqaruv markazi masʼullari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad – harbiy xizmatchilarning kasbiy-amaliy tayyorgarligi boʻyicha uchraydigan muammolarni tahlil qilish hamda ularning yechimi toʻgʻrisida asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Anjumanni Akademiya boshligʻi, general-mayor Ravshan Haydarov ochib, yurtimiz tinchligini, osoyishta hayotimizni asrab-avaylashda Vatan himoyachilaridan, yaʼni ushbu sharafli kasb egalaridan professionallik bilan birga, yuksak jismoniy sifatlar ham talab etilayotganligini, bu borada Akademiyada ham harbiy xizmatchilarning jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilganligi, moddiy texnik bazasi mustahkamlanayotganligi va harbiy xizmatchilar soʻngi yillarda oʻtkazilayotgan xalqaro va respublikaning bir qator sport musobaqalarida yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotganligini alohida taʼkidladi.
Anjumanda soʻzga chiqqanlar, bugun koʻplab sohalar qatori mamlakat mudofaa tizimida ham islohotlarning yangi bosqichi samaralari koʻzga tashlana boshladi. Milliy armiyani isloh qilishga qaratilgan yondashuvlar ham tubdan oʻzgargani shuningdek, yuqori professional, harbiy va vatanparvarlik burchiga sadoqatli, maʼnan yetuk, jismomonan sogʻlom, fidoyi va mard harbiy xizmatchilarni tarbiyalash Respublikamiz mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qilishning eng muhim shartlaridan biri ekanligi xususida keng fikr-mulohazalarni bildirdilar.
Anjuman yakunida Akademiya rahbariyati tomonidan tashif buyurgan mehmonlarga hamda faol ishtirok etganlarga tashakkurnoma va sertifikatlar hamda esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, dolzarb mavzudagi mana shunday anjumanlarning yuqori saviyada tashkil etilishi orqali sohada mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlash, ilmiy muhokama etish, hal etish yoʻllari boʻyicha asoslangan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Farhodjon XOʻJAYEV,
FVV Akademiyasi katta oʻqituvchisi, mayor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring