Har bir oʻgʻlon uchun shon-sharaf ishi

14:43 13 Mart 2023 Jamiyat
514 0

Foto: Xalq so‘zi

Qashqadaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻin punktida muddatli harbiy xizmatga joʻnab ketayotgan yoshlarni tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning 2023-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda yigitlik burchini ado etishga chogʻlangan oʻgʻlonlarning ota-onalari, shuningdek, soha faxriylari, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda harbiy xizmatning nufuzi yuksak darajaga koʻtarildiki, endilikda armiyaga borish nafaqat konstitutsiyaviy burch, balki katta maqsad, yuksak maʼnodagi shon-sharaf ishiga aylandi. Natijada muddatli harbiy xizmatga borish ishtiyoqidagi yoshlarimiz soni yildan-yilga oshib borayapti.

— Bugun muddatli harbiy xizmatga borish har bir yigitning orzusiga aylandi, — deydi Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi faxriylar kengashi raisi Sharif Madiyev. — Bu Qurolli Kuchlarimiz safiga yoʻl olayotgan yigitlarimiz, ularning ota-onalarining yuz-koʻzlaridagi mamnunlik ifodasida ham aks etib turibdi.

Tadbirda muddatli harbiy xizmatga yoʻl olayotgan oʻgʻlonlarga esdalik sovgʻalari topshirildi. Harbiy orkestr va sanʼatkorlar ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarning dillarini xushnud etdi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер