Har bir hujjat yalpi majlisgacha qator chigʻiriqlardan oʻtadi

12:52 04 Noyabr 2021 Jamiyat
469 0

Samarqand viloyati hokimligida Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan masalalar mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Tadbirni parlament yuqori palatasining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi O. Iminov olib bordi.

Yigʻilishda mahalliy kengashlar doimiy komissiyalari raislari, tegishli boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, bugun Oliy Majlis Senati yangicha muhit va yondashuv asosida faoliyat olib bormoqda. Muhokamaga qoʻyilgan qonunlar shunchaki, koʻr-koʻrona maʼqullab yuborilmaydi.

Xususan, Senatning yigirmanchi yalpi majlisida ayrim qonun loyihalari, jumladan, “Ijtimoiy tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Qonun senatorlar tomonidan rad etildi. Bu holat ayrim ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarni keltirib chiqardi.

— Parlamentda shunday bahs-munozaralar boʻlishi, ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar mazkur jarayonga oʻz munosabatini bildirishi, albatta, demokratik nuqtayi nazardan ijobiy baholanadigan holat. Har bir hujjat yalpi majlisgacha qator chigʻiriqlardan oʻtadi, — deydi senator O. Iminov. — Xususan, ekspertlar kengashi jalb qilinib, dastlabki tarzda qoʻmitalarda koʻrib chiqiladi. Qonun tashabbuskorlari ham bu jarayonda bevosita ishtirok etadi. Qolaversa, joyiga chiqib mavjud holat oʻrganiladi. Ana shunday jarayonlardan keyin toʻla ishonch bilan qonun qaytarildi. Lekin u batamom bekor qilindi, degani emas. Buni toʻgʻri tushunish kerak. Gap bu yerda qonunni puxta ishlash haqida ketyapti.

Senat muhokamaga qoʻyilgan hujjatga toʻgʻridan-toʻgʻri tuzatish kiritish vakolatiga ega emas. Qonun maʼqullanadi yoki rad etiladi. Rad etilsa, u keyinchalik parlament vakillari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari bilan birgalikda yanada pishiq-puxta ishlanib, keyingi yalpi majlislarda qaytadan muhokamaga qoʻyilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, yigʻilishda Senatning yigirmanchi yalpi majlisida muhokama qilingan boshqa masalalar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер