Obuna boʻlingan nashrlar boshqa, olib kelinayotgani boshqa. Qamashilik oʻqituvchilar bundan norozi
Mahalliy byudjet hisobidan “Maʼrifat”, “Xalq soʻzi”, “Xalq taʼlimi”, “Xalq taʼlimi axborotnomasi” nashrlariga obuna qilingani aytilgan maktabga umuman boshqa nashrlar yetkazilmoqda.
Tahririyatimizga obuna masalasida koʻplab murojaatlar boʻladi. Aksariyatining mazmuni shunday: “Maʼrifat”ga obuna boʻlgandik, lekin gazeta kelmayapti”, “Bizdan taʼlim nashrlariga obuna uchun pul yigʻilgandi, biroq hech qanday taʼlim nashri yetkazilmayapti”... (Shu oʻrinda qayd etish joizki, Xalq taʼlimi vazirligining 2019-yil 23-oktyabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar XTBB va viloyatlar XTBlariga joʻnatgan xatida vazirlik muassisligidagi nashrlarga har bir taʼlim muassasasini Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori 5-bandi asosida hamda byudjetdan tashqari topilgan mablagʻ hisobidan kamida 2 tadan yillik obuna qilish tavsiya etilgan). Gazeta-jurnallar vaqtida yoki umuman yetkazilmayotganida hatto tahririyatlarni aybdor sanayotganlar ham bor. Obuna madaniyati — boshqa mavzu. Biroq obuna boʻlgan nashrini ololmayotganlarning hafsalasi pir boʻlib, oʻsha nashrga ishonchi yoʻqolayotgani ayni haqiqat. Shuningdek, mahalliy byudjet hisobidan taʼlim nashrlari obunasi uchun ajratilishi zarur boʻlgan mablagʻlar ham soha xodimlariga umuman aloqasi boʻlmagan boshqa nashrlar obunasiga yoʻnaltirilmoqda.
Shu oʻrinda ustoz-murabbiylarga ikki ogʻiz soʻz. Aziz mushtariylar! Oʻz haq-huquqingizni talab qiling. Taʼlim nashriga obuna boʻldingizmi, oʻsha nashrning muntazam yetkazilishini soʻrang, surishtiring, talab qiling!
Quyida mahalliy byudjet hisobidan bir necha gazeta-jurnallarga obuna qildirilgani aytilganu, ammo ularning oʻrniga boshqa nashrlarni olayotgan maktabning jonkuyar oʻqituvchilaridan birining murojaati berilmoqda. Bu murojaat shu soha, shu tizim mutasaddilarining eʼtiboridan chetda qolmaydi deb ishongimiz keladi.
* * *
Avvalo bundan oldin ushbu masalada boshqa idoralarga qilgan murojaatlarim amaliy hal etilmayotganiga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Ushbu murojaatim Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi 33-qarori 5-bandiga asosan mahalliy byudjet hisobidan men ishlab kelayotgan 10-maktabning bir necha gazeta-jurnallarga obuna qildirilgani, ammo ushbu gazeta, jurnallar berilmay kelayotgani va bu haqda qilingan murojaatlarning natijasiz qolayotgani xususidadir.
Bundan bir qancha vaqt oldin yuqori tashkilotlarga Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan gazeta va jurnallarga obuna qildirishga yordam soʻrab murojaat etgandim. Shundan keyin Qamashi tuman hokimligidan va Qashqadaryo viloyat xalq taʼlimi boshqarmasidan maktabimiz “Maʼrifat” gazetasi, “Xalq taʼlimi axborotnomasi”, “Xalq taʼlimi” va “Xalq soʻzi” nashrlariga obuna qildirilgani maʼlum etildi.
Oradan bir qancha muddat oʻtgach, maktabimizga Qamashi tumanlararo pochta aloqa tarmogʻi tomonidan “Yangi Oʻzbekiston”, “Ishonch” gazetalari berila boshlandi. Ammo “Xalq soʻzi”, “Maʼrifat” gazetalari va boshqa taʼlim nashrlari berilmay kelindi. (“Xalq soʻzi” gazetasi va “Xalq taʼlimi” jurnali tuman XTB tomonidan onda-sonda berilyapti). Buning sababini bilish uchun Qamashi tumanlararo pochta aloqa tarmogʻi boshligʻi T.Davronovga qoʻngʻiroq qildim. T.Davronov maktabimizga obuna qildirilgan nashrlarni yetkazib berishayotganini, ammo “Maʼrifat”, “Xalq soʻzi”, “Xalq taʼlimi”, “Xalq taʼlimi axborotnomasi” nashrlari pochta yetkazib berishi kerak boʻlgan roʻyxatda yoʻqligini maʼlum qildi.
Men maktabimizga obuna qildirilgan nashrlar berilmayotgani yuzasidan yuqori tashkilotlarga murojaatimni takrorladim. Murojaatlarim yuzasidan nega maktabimiz obuna qildirilgani koʻrsatilgan nashrlar berilmay kelayotgani aniqlanib, masala hal qilinmay turib, faqat qogʻozbozlik bilan bir xil javob berib kelinyapti. Shu oʻrinda ana shu javoblardan biri boʻlgan Qamashi tuman hokimining birinchi oʻrinbosari R.Gʻafurov imzosi bilan kelgan javob xati nusxasini ilova qilyapman.
Koʻrinib turibdiki, yuqori tashkilotlarga qilingan murojaatlardan keyin ham masala ijobiy hal boʻlmayapti. Hozirga qadar yuqorida nomlari qayd etilgan nashrlar berilmay kelinmoqda. Qogʻozda boshqa, amalda boshqa ish boʻlyapti. Bu holat qachongacha davom etadi? Nima uchun maktabimiz obuna qildirilgani koʻrsatilgan “Maʼrifat”, “Xalq soʻzi”, “Xalq taʼlimi”, “Xalq taʼlimi axborotnomasi”, shuningdek, “Boshlangʻich taʼlim”, “Til va adabiyot taʼlimi” kabi nashrlar maktabimizga kelmayapti? Men ana shu savollarga aniq-tiniq javob topilib, maktabimiz obuna qildirilsa-da, hanuzga qadar berilmay kelayotgan yuqorida nomlari qayd etilgan gazeta, jurnallarni topib, maktabimizga yetkazib berilishida amaliy yordam soʻrayman.
Rahmatilla MENGIROV,
Qamashi tumanidagi 10-maktab direktorining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring