Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarda aks etmoqda
Bugun COVID-19 tufayli dunyoning barcha mamlakatlarida ishsizlar soni ortib borayotganini kuzatish mumkin. Bu global iqtisodiyotning umumiy muammosiga aylanyapti. Oʻzbekiston ana shunday murakkab vaziyatda bu borada qanday chora-tadbirlarni qoʻllamoqda?
Davlatimiz rahbari shu yil 22-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida koronavirus pandemiyasi sharoitida aynan aholi bandligini taʼminlash va daromadi keskin kamayishining oldini olish masalalariga alohida eʼtibor qaratib, bu boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi videokonferensaloqa formatida tashkil etilgan majlisida “Aholi bandligi toʻgʻrisida” gi qonun loyihasi Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda koʻtarilgan masalalar inobatga olingan holda muhokama qilindi.
Deputatlarning fikricha, amaldagi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganiga yigirma yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlib, undagi qoidalar eskirgan va bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermaydi.
Xoʻsh, yangi qonun loyihasi qaysi jihatlari bilan ahamiyatli?
Ikkinchi oʻqishda xalq vakillari tomonidan moddama-modda koʻrib chiqilgan ushbu hujjatning, eng avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi xususiyatga egaligi eʼtirof etildi. Xususan, u 3 ta qonun, davlatimiz rahbarining 12 ta Farmon va qarori hamda Vazirlar Mahkamasining bandlik va mehnat bozorini tartibga solish, mehnat migratsiyasini tashkil etish boʻyicha qabul qilingan 40 dan ortiq meʼyoriy hujjatlarida koʻzda tutilgan huquqiy normalarni oʻzida jamlagan.
Taʼkidlab oʻtilganidek, 19 bob, 129 moddadan iborat qonun loyihasida bandlik sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari, yoʻnalishlari va vositalari aniq ochib berilmoqda. Mehnat organlarining aholini ish bilan taʼminlash sohasidagi vakolatlari kengaytirilyapti.
Loyiha bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar kuchaytirilmoqda. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarda aks etmoqda.
Alohida yangi moddalarda bandlikni taʼminlashda xususiy bandlik agentliklari ishtiroki, yangi ish oʻrinlarini tashkil etishni ragʻbatlantirish, jamoat ishlari, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari, mikrokreditlash dasturlarini moliyalashtirish, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmalari mablagʻlaridan samarali foydalanish tartiblari belgilab berilyapti.
Shuningdek, ishsiz shaxslarni moddiy qoʻllab-quvvatlash kafolatlari kuchaytirilmoqda. Xususan, band boʻlmagan aholini hisobga olish, roʻyxatdan oʻtkazish, eng muhimi va eʼtiborli jihati, faol ish qidirayotgan ishsizlarga nafaqa tayinlash va toʻlash shartlari batafsil koʻrsatib oʻtilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, qonun loyihasi bilan mehnat bozori va bandlik, mehnat resurslari balansi, tashkil etilayotgan ish oʻrinlari haqidagi xolis, muntazam yangilab boriladigan maʼlumotlar bazasini oʻz ichiga olgan, ish beruvchilar va xodimlarga mehnat munosabatlarini elektron shaklda rasmiylashtirish, ishga joylashishning shaxsga doir tarixi, boʻsh (vakant) ish oʻrinlari, xodimlarning son va sifat tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish hamda saqlash uchun elektron axborot tizimi — “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi joriy etilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan beriladigan moliyaviy yordam — subsidiyalar, ajratiladigan pul mablagʻlari va moddiy resurslar — grantlarning kimlar va nima maqsadlarda berilishiga oid normalar alohida moddalarda belgilab berilmoqda.
Onlayn muhokamalarda xalq vakillari ushbu hujjat mehnat munosabatlari sohasidagi muammolarni qonuniy hal qilish orqali aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirishga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtishdi.
Bildirilgan fikr-mulohazalardan soʻng, ushbu hujjat qabul qilindi.
Ziyoda ASHUROVA.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring