Haq talabga joyida yechim topildi

19:58 30 May 2021 Jamiyat
1208 0

Fuqarolarning sud-huquq sohasidagi murojaatlariga yechim topish hamda qulay sharoit yaratish maqsadida Navoiy viloyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlari ishtirokida ommaviy qabullar boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilangan har bir fuqaro, oilaning oʻy va tashvishidan boxabar boʻlish, yillar mobaynida yigʻilib qolgan muammolarining yechimini topish, odamlarning erta yoki yaqin istiqbolda emas, aynan shu kundan eʼtiboran hayotdan rozi yashashlarini taʼminlash siyosati mazkur qabullarning asosiy tamoyili boʻldi.

Sayyor qabul mutasaddilari viloyatning barcha hududlarini qamrab olgan holda jami 639 nafar fuqaroning 650 murojaatini qabul qildilar. Shularning 213tasi joyida hal qilinib, 122 tasi boʻyicha tushuntirish va huquqiy maslahat berildi. 315 ta murojaat nazoratga olindi.

Respublika Oliy sudi raisining oʻrinbosari uch kunlik sayyor qabullarda jami 251 nafar fuqaroni qabul qildi. Ularning 182 tasi jinoyat, 63 tasi fuqarolik, 4 tasi maʼmuriy,
2 tasi iqtisodiy ishlar boʻyicha oʻz murojaatlarini taqdim qildilar. Mazkur murojaatlarda koʻtarilgan masalalarning 99tasi joyida ijobiy hal etilib, 101tasi boʻyicha huquqiy tushuntirishlar berildi. 51 ta murojaat boʻyicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilindi, ushbu murojaatlarning barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov xayʼatiga koʻrib chiqish uchun oʻtkazildi.

— Ijobiy hal etilgan 99ta murojaatning 65tasi asosida viloyatning jinoyat ishlari boʻyicha shahar va tuman sudlari tomonidan jami 65 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin ozod qilindi, — deydi viloyat sudining jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi konsultanti Aziza Roʻziyeva. — Shuningdek, jinoyat ishlari boʻyicha Navoiy shahar hamda Qiziltepa tuman sudlari tomonidan jami 23 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi yengilroq jazo turiga almashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Nurota, Xatirchi, Qiziltepa, Konimex va Karmana tuman sudlari tomonidan jami 6 nafar shaxs sud zalidan ozod qilindi. 5 nafar shaxsga oid jinoyat ishi taraflarning yarashganligi munosabati bilan tugatildi. 11 nafar shaxsga nisbatan qoʻzgʻatilgan maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar sud majlisida koʻrilib, ularning arizasi qanoatlantirildi.

Sayyor qabullarda fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 66 nafar shaxsga nisbatan aliment undirish yuzasidan, 15 nafar shaxsga nisbatan ish haqini undirish yuzasidan sud buyrugʻi chiqarilib, ijroga qaratildi. Taraflar yarashganligi sababli 10 ta aliment undirish haqidagi sud buyrugʻi bekor qilindi. Shuningdek, sudlar tomonidan ajrashish yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan suhbat oʻtkazilib, 48 nafar voyaga yetmagan farzandi bor 29 oila yarashtirildi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan esa 39 ta ish sud majlislarida koʻrilib, tadbirkor(daʼvogar)lar foydasiga jami 1.790.553.946 soʻmlik daʼvo talablari qanoatlantirildi. Chunonchi, Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvogar yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo Davlat soliq inspeksiyasi javobgar “BAXT-TEXTILE” MCHJga nisbatan 98.391.782 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllash yuzasidan, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvogar Navoiy viloyat Davlat soliq boshqarmasi javobgar «Al Aziz Ipagi» MCHJga nisbatan 66.147.849 soʻm moliyaviy sanksiya qoʻllash yuzasidan, Karmana tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligi Navoiy viloyat hududiy boshqarmasi javobgar “Edumatters” MCHJga nisbatan 1.525.914.000 soʻm undirish toʻgʻrisidagi daʼvo arizalar bilan murojaat qilgan. Sudning qabul qilgan hal qiluv qarorlariga asosan daʼvo talablari rad qilinib, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlari sud tomonidan himoya qilindi.

Shuningdek, 2021-yil davomida Navoiy viloyati kesimida koʻrilgan jinoyat ishlari boʻyicha 7 nafar shaxs, shu jumladan 1 nafar ichki ishlar organlari xodimi oqlandi.

Bundan tashqari, Navoiy viloyati kesimida dastlabki tergov organi tomonidan 17 shaxsga oid 10 ta jinoyat ishi yuzasidan ortiqcha qoʻyilgan ayblov chiqarilgan boʻlsa, shu davrda 34 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan, 465 nafar shaxs tayinlangan jazoning qolgan qismini oʻtashdan ozod etilib, 229 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrogʻi bilan almashtirildi.

Respublika Bosh prokuraturasi masʼullari sayyor qabullarda 186 ta fuqaroning murojaatini tinglab, 67 tasiga joyida ijobiy yechim topdilar. Viloyatning turli hududlarida istiqomat qiluvchi oʻn bir nafar tadbirkorning imtiyozli kredit olish, navbahorlik yettita oilaga subsidiyalar hisobidan issiqxonalar qurish boʻyicha murojaatlari qanoatlantirildi. Taʼkidlash joiz, navoiylik chevar Mohigul Esonova sud-huquq sohasidagi oʻtgan yilgi sayyor qabulda ham ishtirok etib, subsidiya asosida oʻz tikuvchilik korxonasini tashkil etishi uchun yagona ijara markaziga tegishli uying yertoʻlasi ajratilgan edi. Tadbirkor ayol korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyib, 24 kishining bandligini taʼminladi. Ayni kunlarda esa, faoliyatini yuritish, xom-ashyo xaridida mablagʻdan qiyinchilikka duch kelmoqda. M. Esonovaning murojaati qanoatlantirilib,100 million soʻm kredit ajratildi.

Sayyor qabulda 40 nafarga yaqin fuqaroning ishga joylashtirilishi taʼminlanib, ularning nazorati viloyat prokuraturasi zimmasiga yuklatildi.

Ichki ishlar vazirligining mutasaddilari esa sayyor qabulda ichki ishlar idoralariga ishva oʻqishga kirish, tergov va surishtiruv, fuqarolik, pasport va viza, jazoni ijro etish bilan bogʻliq 49ta masalani koʻrib chiqdilar. Xususan, navoiylik Orif Umarovning propiska masalasidagi 17 yillik muammosiga aynan mana shu sayyor qabulda yechim topildi. O.Umarov, turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandi bilan shu kuni Navoiy shahridagi yotoqxonalardan biriga roʻyxatdan oʻtkazildi.

Sayyor qabul ishtirokchilari uch kun mobaynida Toshkent – Navoiy- Zarafshon – Navbahor – Qiziltepa- Karmana marshrutlari boʻyicha qariyb ming kilometrga yaqin yoʻl bosdilar. Qabulga kelgan har uchinchi fuqaroning murojaati joyida qanoatlantirilib, yechimi muddat talab etadigan masalalar nazoratga olindi. Eng muhimi, murojaatchilarning qonunda nazarda tutilgan manfaatlari ustuvorligi taʼminlanib, ularning ertangi kunga qatʼiy ishonchi mustahkamlandi. Ishonch va xotirjamlik esa barcha jabhalarda muvaffaqiyat va barqarorlikning garovidir.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер