Hamshiralik lavozimining “stavkasi” “qancha”? Nega mohir shifokorlar chet elga chiqib ketmoqda? Nima uchun kadrlar qoʻnimsiz?
Yuqoradiga kabi koʻplab oʻtkir masalalar Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Respublika idoralararo komissiyasining sogʻliqni saqlash sohasidagi muammolarga bagʻishlangan bugungi yigʻilishda koʻrib chiqildi. Unda maʼruza qilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nigʻmatilla Yoʻldoshev sohada yigʻilib qolgan kamchilik va nuqsonlar haqida tanqidiy fikrlar bildirdi.
Xususan, Bosh prokurorning qayd etishicha: "Sogʻliqni saqlash vazirligining 2019-yil 21-yanvardagi buyrugʻi bilan 2019-yil 1-fevraldan tizimda tibbiyot xodimlari faqat toʻliq stajda ishga qabul qilinishi belgilangan. Lekin ushbu buyruq ijrosi taʼminlanmayapti. Mazkur buyruqdan keyin oʻrganilgan 68 ta muassasada 2 ming nafar xodim chorak va 3.800 nafari yarim stavkaga ishga qabul qilinganligi aniqlandi.
Birgina Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik-ginekologiya markazida 92 ta shtat birligida 152 nafar shifokor va 162 ta shtat birligida 219 nafar hamshira ishlab kelmoqda.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda respublika boʻyicha jami 12.916 nafar, shundan 2.894 nafar umumiy amaliyot va 10.022 nafar tor doiradagi mutaxassis yetishmaydi.
Xususan, tibbiy muassasalarda 851 nafar pediatr, 465 nafar terapevt, 326 nafar stomatolog, 273 nafar anesteziolog-reanimatolog, 269 nafar akusher-ginekolog, 216 nafar psixiatr, 198 nafar rentgenolog, 192 nafar ftiziatr, 172 nafar xirurg va 5.383 nafar boshqa tor doiradagi mutaxassis shtatlari toʻldirilmagan.
Hududlar kesimida boʻsh shifokor lavozimlari Navoiy viloyatida 264, , Buxoroda 389, Xorazmda 525, Andijonda 576, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 691, Sirdaryoda 744, Namanganda 769, Jizzaxda 773, Samarqandda 962, Fargʻonada 1.097, Qashqadaryoda 1.129, Toshkent viloyatida 1.428, Surxondaryoda 1.713 va Toshkent shahrida 1.856 nafarni tashkil etadi.
Yana bir masala, tibbiyot kollejlarini bitirib, ishsiz yurgan yoshlar soni juda yuqori bulsa-da, respublika boʻyicha 4.500 nafar oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari shtat birliklari toʻldirilmagan. Hamshira va kichik tibbiyot xodimi boʻsh ish oʻrinlari soni Surxondaryo (206), Samarqand (477), Toshkent (582) viloyatlari va Toshkent shahrida (2.213) yuqoriligicha qolmoqda.
Tizimda ishga qabul qilish jarayonining shaffof emasligi turli suiisteʼmolchilik va tamagirlik holatlariga sabab boʻlmoqda.
Masalan, Navoiy shahar tibbiyot birlashmasi boshligʻi fuqaro K.ni hamshiralikka qabul qilish evaziga 500 dollar olganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Yoki Andijon viloyat perinatal markazi rahbari ayrim xodimlari bilan til biriktirib, fuqaro U.ni kichik tibbiy xodim sifatida ishga qabul kilish evaziga 200 dollar olganda ushlandi.
Kadrlar bilan ishlashdagi bunday vaziyat, xodimlarning ijtimoiy himoyasi zaifligi nafaqat kadrlar qoʻnimsizligiga, balki tajribali va yetuk mutaxassislarning xususiy sektorga yoki chet davlatlarga ishga oʻtib ketishiga olib kelmoqda.
Birgina respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazidan soʻnggi uch yilda 242 nafar mohir shifokor xususiy klinikalarga ishga oʻtgan yoki xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketgan.
Byudjet mablagʻlarining sarflanishi, oʻzaro hisob-kitob, pulli xizmat koʻrsatish jarayonidagi tizimli kamchilik va nuqsonlar ham sohadagi asosiy korrupsiyaviy omillardan biri boʻlib qolmoqda".
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring