Hamma biladigan, ammo hech kim tuzatmayotgan magistratura muammolari haqida

16:41 30 Aprel 2020 Jamiyat
4315 0

Inson kapitali mamlakatning muhim milliy boyligi hisoblanadi. Uning har tomonlama koʻpayishi va taraqqiy etishi, zamonaviy fikrlaydigan, intellektual rivojlangan, professional tayyorgarlikka ega boʻlgan, mamlakatni modernizatsiya qila oladigan va demokratik jamiyat qurish yoʻlidagi murakkab va keng koʻlamli vazifalarni hal etishga qodir boʻlgan, yurt va xalq manfaatlariga sadoqatli yangi avlod kadrlarini tayyorlash bugungi zamon talabidir. Bunga erishishda eng asosiy eʼtiborni kadrlarni tayyorlab berishdagi muhim boʻgʻin, pedagog kadrlar tayyorlashdagi asosiy bosqich hisoblangan magistratura mutaxassisliklariga eʼtibor qaratib, bu yoʻnalishda ayrim islohotlarni kechiktirmasdan amalga oshirish lozim.

Bugungi kunda koʻplab dunyoqarashi keng, malakali kadrlarimizning aksariyati magistratura bosqichini chet elning nufuzli oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishni oʻz oldilariga ustuvor vazifa qilib belgilamoqdalar. Albatta, bunday tanlovning oʻziga xos yutuqlari va kamchiliklari ham mavjud. Avvalo, xorijiy davlatlardagi OTMlarda oʻqish orqali bilim va koʻnikmalar olish, soʻngra uning natijalarini yurtimiz rivojiga sarflash muhim omil, lekin bunday tanlovni oʻzimizda muqobil taklif boʻlmaganligi sababli, yoshlarning chet davlatga ketishga majbur boʻlishi achinarli holat hisoblanadi.

Xoʻsh, hozirda magistratura bosqichining asosiy muammolari qay jabhalarda namoyon boʻlmoqda?

Birinchi holat. Bugungi kunda bakalavriat yoki magistratura bitiruvchisining lavozimi yoki oylik maoshlarida hech qanday farq mavjud emas. Koʻp hollarda bakalavriatni bir vaqtda tamomlagan, mehnat faoliyatini ertaroq boshlagan bakalavriat bitiruvchisi, ish tajribasi yuqoriligi sababli magistratura bitiruvchisiga nisbatan yuqori lavozimlarda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Ish beruvchilar uchun bitiruvchilarning qaysi bosqich diplom sohibi ekanligidan koʻra, bilim va qobiliyati yordamida aniq belgilangan vazifani mahorat bilan bajara olishi muhim hisoblanadi. Magistratura bosqichi oʻz mohiyatini yoʻqotib, koʻproq OTMda oʻz faoliyatini davom ettirish uchun zarur boʻlgan majburiy oʻqish sifatida qaralmoqda.

Ikkinchi holat. Oʻz navbatida OTM rahbariyati tarkibiga kiruvchi masʼullar (rektorat, fakultet dekanati, kafedra mudirlari) kelajakda oʻzi uchun kadr tanlar ekan, birinchi navbatda har qanday topshiriqlarni bajarishda mulohaza qilmaydigan, “xoʻp boʻladi” deb turuvchi xodim “mahmadona, qaysar, aqlli, betgachopar”dan koʻra qadrliroq hisoblanadi. Bunday xodimlarning, ayniqsa turli hasharlarda faolligi, dam olish kunlari ishga jalb etish mumkinligi va boshqa topshiriqlarni bajarishda soʻzsiz itoat etish kabi “xislat”lari yuqori baholanadi. Odatda bunday “qoʻgʻirchoq” xodimlarning mansab pillapoyalaridan koʻtarilishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib beriladi. Tabiiyki, bunday xodimlardan innovatsion yangiliklar kutish, ularning oʻz ilmiy salohiyatini ishga solgan holda yaratuvchanlik va ijodkorlik faoliyati bilan shugʻullanishini kutish mushkuldir.

Albatta, sanaymiz desak, bunaqa muammoli sabablardan koʻplab keltirish mumkin. Ammo muammoni sanagan bilan uni hal qilib boʻlmaydi. Shu boisdan “Adolat” SDP tomonidan saylovchilar taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda, magistratura mutaxassisliklarini qabul qilish jarayoni oʻrganilib, ushbu tizimni shaffoflashtirish va yana-da takomillashtirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqildi. Ular quyidagilardan iborat:

Birinchidan, magistraturaga qabul jarayonini jamoatchilik muhokamasi asosida qaytadan koʻrib chiqish zarur. Bu jarayonni abituriyentlar qabul jarayonidek tashkillashtirish zarur, yaʼni oliy taʼlim muassasalari emas, balki Davlat test markazi tomonidan shaffoflik asosida umumiy pavilyonlarda, videokamera kuzatuvi va onlayn translyatsiya etish orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq. OTMlarga qabul uchun test tuzish, javoblarni tekshirish jarayoniga subyektiv omil taʼsirining oldini olish zarur. Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida barcha yoʻnalishlar uchun testlar bazasi mavjud boʻlib, ushbu bazadagi savollarni doimiy tarzda yangilash, takomillashtirish, toʻldirish hamda magistraturaga kirish sinovlari jarayonida foydalanish mumkin.

Ikkinchidan, hozirgi kunda magistraturaga kirish sinovi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga asosan (2019-yil 27-apreldagi 360-son qaror bilan oʻzgartirish kiritilgan) maxsus fanlardan sinov, chet tili va OTM bitiruvchisining umumiy reytingi yoki oʻzlashtirish koʻrsatkichi asosida yigʻilgan ballardan tashkil topadi.

Kirish sinovlariga 2019-yilda faqat turdosh yoʻnalishlardan topshirish boʻyicha cheklov bekor qilindi (6 ta yoʻnalishdan tashqari). Misol uchun, jismoniy tarbiya yoʻnalishida bakalavrni tamomlab, matematika yoʻnalishi uchun magistraturaga hujjat topshirish imkoni yaratildi. Lekin turli OTMlarda talabalar bilimini baholashdagi yondashuvdagi farqlar, turli qiyinchilikdagi fanlar oʻqitilishi yoki talabalarning moddiy sharoitidan kelib chiqqan holda stipendiyasiz kontrakt asosida tahsil olganligi sababli umumiy reyting talaba bilimining haqqoniy indikatori vazifasini oʻtay olmaydi. Shu sababli kirish sinovlarida umumiy reyting yoki oʻzlashtirish koʻrsatkichi asosida beriladigan ballni bekor qilish zarur.

Uchinchidan, magistraturaga kirish sinovlarida tanlangan mutaxassislik boʻyicha bilim darajasini belgilovchi maxsus fanlardan sinov oʻtkaziladigan baholash mezoni hozirda 0 balldan 100 ballgachani tashkil etadi. Magistratura bosqichi yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashdan iborat boʻlganligi sababli kirish sinovlarida mutaxassislik fanlariga 0 balldan 150 ballgachani tashkil etishi yoki mutaxassislik fani (fanlaridan) 3,1 ball, chet tilidan 1,1 ball tashkil etishi maqsadga muvofiq.

Toʻrtinchidan, 2019-yilda magistratura mutaxassisligi uchun umumiy kvotaning 53 foizi davlat granti asosida tashkil etildi, 2018-yilda bu koʻrsatkich 20 foizni tashkil etgan. Bu yilgi pandemiya va uning iqtisodiyotga boʻlgan salbiy taʼsiri hamda aholi aksar qismi daromadlari kamayganligini hisobga olgan holda magistratura mutaxassisligi uchun ajratilgan kvotaning 75-80 foizi davlat granti asosida qabul qilinishi kerak.

Beshinchidan, hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda magistratura ixtisosliklari roʻyxatini yana bir bor qayta koʻrib chiqish va ehtiyoj katta boʻlgan yoʻnalishlar, xususan, koronavirus pandemiyasidan keyingi davr uchun zarur boʻlgan yoʻnalishlar boʻyicha magistraturaga qabul qilinadigan talablar sonini oshirish (pandemik virusolog, biolog, epidemiolog kabi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlarga zarurat oshgan) hamda yangi mutaxassisliklarni joriy qilish masalasini koʻrib chiqish.

Oltinchidan, iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarida kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarni inobatga olgan holda tegishli sohalarda uzoq yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan, tajribali xodimlarga ish joyidan ajralmagan holatda magistratura mutaxassisligiga masofaviy, sirtqi va kechki taʼlim dasturlari boʻyicha qabulni amalga oshirish.

Yuqoridagi takliflar asosan magistraturaga kirish sinovlarida tez-tez uchrab kelgan korrupsiogen omillarni yoʻqotish, uzoq yillardan beri tor doiradagi guruhlarning manfaatlarini himoya qilib kelgan mezonlarni bekor qilish maqsadida berildi. Zero, yuqorida keltirib oʻtilgan omillar oʻqishni davom ettirish va mamlakat rivoji uchun oʻz hissalarini qoʻshish ilinjida boʻlgan koʻpgina bilimli va qobiliyatli bakalavriat bitiruvchilarining intilishini amalga oshirish yoʻlida toʻsqinlik qilmoqda.

Muhammad VALIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер