HAMAS bugun garovga olingan yana 14 nafar isroillikni ozod qiladi
Foto: Reuters
HAMAS 25-noyabr kuni garovga olingan 14 nafar isroillikni ozod qilishga qaror qildi.
Falastinning HAMAS harakati 25-noyabr kuni garovga olingan 14 nafar isroillikni ozod qilishga qaror qildi. Bu haqda CNN isroillik rasmiyga tayanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, buning Isroil qamoqxona saqlanayotgan 42 nafar falastinlikni ozod qilishi kerak boʻladi.
Isroil Bosh vaziri devoniga koʻra, hozirda Gʻazoda 213 kishi garovda.
Noyabr oyi oʻrtalarida HAMAS kamida 50 nafar garovdagini ozod qilishga rozi boʻlgan edi. Bunga javoban Isroil janglarni toʻxtatib turishga va qamoqdagi nomaʼlum sondagi falastinlik ayollar va bolalarni ozod qilishga rozi boʻldi.
Kecha HAMAS Isroil bilan tuzilgan kelishuv doirasida garovga olingan 13 nafar isroillikni Qizil Xochga topshirgandi. Guruh shuningdek, 12 nafar Tailand fuqarosini garovdan ozod qildi.
Ozod qilingan garovga olinganlar — ayollar va bolalar Qizil Xoch xodimlariga topshirildi va tez orada Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat punkti orqali Gʻazo sektorini tark etdi.
Bu HAMAS tomonidan Isroil bilan kelishuv doirasida ozod etilgan garovga olinganlarning birinchi guruhi hisoblanadi. Bir necha kun avval Isroil va HAMAS Gʻazo sektorida toʻrt kunlik sulh va 150 nafar falastinlik asir evaziga garovga olingan kamida 50 nafar isroillikni ozod qilishga kelishib olgandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring