Ham ziyorat, ham tijorat
Foto: Халқ сўзи
Tarixiy manbalarga koʻra, “Buxoro yahudiylari” atamasi ilk bor oʻn oltinchi asrda qoʻllanib, keyinchalik ingliz missioneri Volf amir Nasrulloxon hukmronligi davri (1826-1860-yillar)da Buxoroda 10 mingdan oshiq yahudiylar yashagani haqida maʼlumot bergan.
Buxoro yahudiylari hozirgi Navoiy viloyatining Karmana va Xatirchi tumanlarida uzoq yillar istiqomat qilgan. Keyinchalik ularning koʻpi Isroil, AQSH va Yevropaning bir qator mamlakatlariga koʻchib ketgan. Ular haqli ravishda oʻzlari tugʻilib oʻsgan Karmanani kichik Vatan sanab, hududdagi qabristonga dafn etilgan ota-bobolari qabrini vaqti-vaqti bilan ziyorat qilib turishadi.
Yaqinda ushbu millat vakillarining bir guruhi Karmanada boʻlib, ajdodlari qabrini ziyorat qilish bilan birga tuman hokimi F. Umarov qabulida boʻldilar. Mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashib, tumanga investitsiya kiritish masalalarini ham muhokama qilishdi. Xususan, elektr energiyasi ishlab chiqarish boʻyicha Isroil davlatining ilgʻor texnologiyalarini jalb etish yuzasidan istiqbolli loyiha ilgari surildi.

— Mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoit, ayniqsa, viloyatimizga erkin iqtisodiy hudud maqomining berilishi tarixiy xorijda yashayotgan vatandoshlarimizning qiziqishini oshirgani shubhasiz, — deydi tadbirkor Aziz Suvonov. — Albatta, bu ikki mamlakat biznes vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirib, tumanimizda yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.
Asosiy maqsadga keladigan boʻlsak, isroillik mehmonlar tumandagi qabristonda amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan mamnun boʻlib, oʻz minnatdorligini izhor etishdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring