Ham kaliti bilan uy, ham kaliti bilan biznes — press-tur

20:23 20 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
1317 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen hodisadan talofat koʻrgan Mirzaobod tumanidagi “Navbahor” mahallasida qurilgan 9 ta koʻpqavatli, 360 ta oilaga moʻljallangan uylar yonida issiqxonalar ham barpo etildi. «Bekklaster» tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu “Ijtimoiy issiqxona” loyihasi tufayli shu mahallalik 64 oilaning har biri 25 sotixlik issiqxona egasi boʻladi.

Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar Sirdaryo viloyatining Sirdaryo, Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlaridagi ulkan iqtisodiy -ijtimoiy oʻzgarishlar, qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish asnosida ana shu loyiha asosida ishga tushirilgan issiqxonalarda ham boʻldilar.

— Mazkur loyihani “Kaliti bilan biznes” deb ham yuritamiz, — deydi loyiha masʼullaridan biri Anvar Jumanov. — Yaʼni navbahorlik 64 ta oila ushbu loyiha doirasida tashkil etilgan ikkita masʼuliyati cheklangan jamiyatga taʼsischi-mulkdor sifatida kiradi. Olingan kreditlarga esa ayni jamiyatlar kafil sanaladi. Har bir oilaning 25 sotixlik issiqxonasida yetishtiriladigan mahsulotlarni «Bekklaster» sotib oladi va “Oʻzbek ” brendi ostida eksportga yoʻnaltiradi. Kredit toʻlovlari toʻla qoplangach, uzogʻi bilan 2-3 yilda oila issiqxonaning toʻla huquqli egasiga, tadbirkorga aylanadi.

Issiqxonalarda allaqachon ilk hosil yetilish arafasida. Press-tur ishtirokchilari ularning birida qulupnay oʻstirilayotganligining guvohi boʻlishdi. Maʼlum qilinishicha, bir oy nari-berisida ilk qulupnay mevasi terib olinadi va eʼtiborlisi, shu ekinning oʻzidan kelgusi yilning iyuligacha hosil olinadi.

Yana bir jihat, loyiha doirasida shu yerning oʻzida issiqxona xoʻjaligini yuritishni oʻrgatishga moʻljallangan sitrus, subtropik va tropik oʻsimliklar ilmiy-amaliy markazi ham tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер