Hali rejalari koʻp edi...

00:33 13 May 2021 Jamiyat
988 0

Kechagidek eslayman. 2017-yilning 8-avgustida ilk marta ming hadik bilan Rustam Sobirovich bilan uchrashdim. Men bilan Davlat boshqaruvi akademiyasiga dekan lavozimiga oʻtish uchun suhbatlashdi. U paytda Prezidentning kadrlar masalasi boʻyicha maslahatchisi birinchi oʻrinbosari, Akademiya rektori edilar.

— Toshkent viloyatidan ekansiz, qani, ayting-chi, viloyatingizdagi qaysi shoirni, yozuvchini bilasiz, asarlaridan, sheʼrlaridan aytib bera olasizmi, qanaqa qadamjolari bor, — deb soʻradilar.

Bir muddat nega bunday savol berilganini tushunmadim va sekin javob berdim. Keyinchalik bilsam, ustoz dastlab shu kabi koʻrinishidan oddiy savollar orqali insonning tugʻilgan yurtiga sadoqatini, tarixiga hurmatini, maʼnaviyatini, xalqiga boʻlgan muhabbatini bilib olarkan.

Oʻsha kundan boshlab mening ustoz bilan yoʻllarim kesishdi. Uch yillik faoliyatimiz davrida 50-martaga yaqin xorij va hududlarimizga xizmat safarlarida boʻldik.

Har gal «Har bir ishni qilishda juda kichik detallarni ham unutmaslik kerak. Kichik elementlar katta muammolarni paydo qiladi. Har ishda ilm lozim. Inson oʻzining imzosini yaratishi uchun har kun jonini qiynashi kerak», derdilar.

— Sen har kuni oʻz joyingga loyiqligingni amalda isbotlamasang, munosibi keladi. Har kun 5-10 bet kitob oʻqishni koʻnikmaga aylantirishing kerak, — derdilar.

Qabullariga Akademiyaning turli hujjatlarini koʻtarib kirsam, “Tak, xoʻsh, kecha qanday kitob oʻqiding”, derdilar. Toki aytmasam, asosiy masalamga oʻtolmasdim.

Bugun oʻylab qarasam, ustoz jamiyatda bizga oʻxshagan yosh davlat xizmatchilarining kamroq xato qilishi uchun tajriba va maslahatlarini ayamagan ekanlar. “Vaqtning qadriga yetgan xizmatchigina sharafli yoʻlda yuradi”, derdilar.

Ustoz bilan bogʻliq yana bir voqeani eslayman. 2017-yilning sentyabr oyi edi. Bizni Shayxontohur tumaniga olib bordilar. Oʻsha paytlar davlatimiz rahbari boshchiliklarida yangi islohotlar, endi-endi xalq bilan muloqotlar boshlangan davrlar edi. Odamlar ichida yurarkanmiz, alohida taʼkidladilar: “Xalq bilan gaplashganda minbarni unutish kerak, haqiqiy yetakchining oʻrni minbarda emas. Sen minbardan turib tepadan xalqqa qarasang, xalq senga pastdan qarab gapirsa, bunda ular seni qabul qilmaydi”. Biz bora-bora ustozning bu maslahatlarini koʻnikmaga aylantirdik.

Ularning yana bir xislati bor edi. Oʻtganlar xotirasini eʼzozlashni, yod etib turishni xohlardilar. Bir kuni atoqli navoiyshunos olima, Oʻzbekiston Qahramoni Suyuma Gʻaniyeva xotirasiga bagʻishlangan yubiley kechasini tashkil qilishimizni aytdi. Oʻzlari ham bu ishga shunday jiddiy kirishdilarki, olima yonimizda yurgandek boʻldilar. Ustozning bu insoniylik jihatlari bizga katta maktab boʻldi.

Ustoz bilan bogʻliq yana bir voqeani eslayman. Akademiya oshxonasida birga tushlik qilyapmiz. “Seni tinglovchilaring lider sifatida bilishadimi”, deb qoldilar. Indamadim. «Kel eksperement qilib koʻramiz. Idishlaringni yigʻishtirginda, oʻzing taom tarqatadigan joyga olib borib qoʻy», dedi. Xuddi shunday qildim. Zum oʻtmay birin-ketin tinglovchilar ham bu holatni takrorladi. Yuzlarida nim tabassum bilan “Tak, sen eplabsan. Koʻrinishidan mayda ishlar bilan katta qadamlarni tashlasa boʻladi”, dedilar.

Ustoz doim bir gapni takrorlardi:

— Ilmsiz, adashib kelib qolgan rahbar birinchi muammogacha chidaydi. Oʻzining ustida ishlagan ilmli rahbar esa mardonavor yurishda davom etadi.

Ha, bugun ustozdan katta ishlar, yaxshi nom, xalqiga sadoqatli shogirdlar qoldi.

Kurash hayot shukuhi deyishadi. Bugun oʻylasam, ustoz umrlarining oxirigacha millat ravnaqi, taraqqiyot, yosh avlod kelajagi uchun kurashibdi, oʻz imzolarini qoʻya olibdi.

“Juda qaygʻudaman. Vatanga sadoqatli, fidoyi, aqlli, millatimizning ziyolilaridan birini yoʻqotdik”, deganlarida davlatimiz rahbari nechogʻliq haq boʻlganlarini butun millat tasdiqladi.

Taqdirning ishi oldida insoniyat ojiz. Ustozning rejalari hali bisyor edi...

Rustam Sobirovich Qosimovning ezgu amallari shogirdlar qalbida abadiy yashaydi. Ustoz “Haqiqiy lider yangi liderlarni kashf etadi”, deb bejiz aytmagan ekan. Bugun biz ustozning «Xalq manfaati, davlatimiz taraqqiyoti yoʻlida oʻzingni har kuni qiyna, rahbarlik lavozimida oʻtirdingmi, shu kuni halovating yoʻqolsin. Bilsang, xalqining farovonligi uchun yashalgan umr – eng saodatli umr yoʻlidir», degan soʻzlarini amaliyotda dasturulamal deb bildik. Ustozning ham hayot yoʻllari saodatli yoʻl sifatida xalqimizning xotirasida yashaydi.

Otabek Hasanov,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi
direktorining birinchi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер