Haydovchining boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida “Cobalt” xandaqqa qulab tushdi (+video)
“Qamchiq” dovonida “Toshkent-Vodiy” yoʻnalishida harakatlangan “Cobalt” rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, yoʻlning xandaq qismiga tushib ketdi. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Unda aytilishicha, 21-may, chorshanba kuni soat 08:05 da A-373 “Toshkent-Oʻsh” avtomobil yoʻlining “Qamchiq” dovonidan oʻtgan qismida “Toshkent-Vodiy” yoʻnalishida harakatlangan “Cobalt” rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yoʻqotishi oqibatida yoʻlning xandaq qismiga tushib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan “Qamchiq” maxsus-qidiruv yongʻin-qutqaruv boshqarmasiga amaliy yordam kerakligi toʻgʻrisida murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatga asosan, qutqaruv otryadi aytilgan manzilga zudlik bilan yetib borib, maxsus texnika va asbob-anjomlar yordamida avtomobil xandaqdan chiqarib olingan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan maʼlumotga koʻra, avtomobilda haydovchi va 3 nafar yoʻlovchi boʻlgan. Mazkur hodisa oqibatida tan-jarohati olganlar aniqlanmagan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq, 20-may kuni Surxondaryo viloyati, Denov tumani, “Istiqlol yulduzi” MFY hududidan oqib oʻtuvchi “Hazarbogʻ” kanaliga “Cobalt” rusumli avtomobil ehtiyotsizlik oqibatida tushib ketgandi. Ushbu hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring