Haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish shartmi?
Ha shart. 2020-yil 31-dekabrga qadar eski namunadagi barcha milliy haydovchilik guvohnomalari yangi namunadagisiga almashtirilishi kerak. Eski guvohnomada amal qilish muddati koʻrsatilmagan yoki muddati hali tugamagan boʻlsa-chi? Eski namunadagi guvohnoma berilgan sanasidan va amal qilish muddatidan qatʼiy nazar, koʻrsatilgan muddatgacha yangisiga almashtirilishi shart.
Qanday hujjatlar talab etiladi? Fuqarolik pasporti, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni.
Qayerda almashtirish kerak?
Davlat xizmatlari markazlari yoki markazda bunday xizmat mavjud boʻlmagan hududlarda YHXBning tegishli boʻlinmalarida.
Koʻpchilikning yodida, 2018-yilning may oyidan boshlab respublikada birinchilardan boʻlib, Namangan shahar davlat xizmatlari markazida eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish yoʻlga qoʻyilganedi. Sanoqli daqiqalar ichida bajariladigan bu amaliyot fuqarolar uchun katta qulaylik yaratganini vaqt isbotladi.
- Haydovchilik guvohnomasini avval ham almashtirishganman,-deydiKosonsoy tumanining Navbahor-1 mahallasida yashovchi Nosirjon Xoldorov. – Esimda, oʻshanda yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasining imtihon olish va roʻyxatlash boʻlimiga koʻp bora qatnashimga toʻgʻri kelgan.Bugun esa buning uchun bor-yoʻgʻi oʻn daqiqacha vaqt ketdi, ariza toʻldirdim, suratga tushdim va toʻlov qildim, xolos. Boʻlarkanku.
DXMning Namangan viloyat yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimi, serjant Moʻydinjon Yettiboyev xizmat koʻrsatayotgan xonasiga tashrif buyurgan haydovchilar bu yerda ishlari tez va soz bitayotganidan mamnun. YHXB vakilining aytishiga qaraganda, ayni xizmat turi koʻrsatila boshlagandan buyon 29,5 mingdan ziyod fuqaro haydovchilik guvohnomasini almashtirishga ulgurdi.
Maʼlumot oʻrnida, yangi guvohnoma shaxsni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadimi?
-Ha. Yangi namunadagi guvohnomaga egasining shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berilgan,-deydi M. Yettiboyev.
Qudratilla NAJMIDDINOV.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring