Gruziyada bo'lib o'tgan “Katta dubulgʻa” musobaqasida oʻzbekistonlik aka va uka shohsupaga koʻtarildi. Kattasi oltin, kichigi kumush medal oldi
Tbilisi shahrida dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” musobaqasining birinchi kun bellashuvlari oʻz yakuniga yetdi. Quvonarlisi, musobaqa startida jamoamiz 2 ta medal qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi. Bu haqda MOQ axborot xizmati xabar berdi.
Kechki dasturda ikki nafar vakilimiz aka-uka Sardor va Kemran Nurillayevlar oʻz vazn toifalarida final yoʻllanmasini qoʻlga kiritishgan edi. Dastlab -60 kg vazn toifasida Kemran Nurillayev finalda gruziyalik Temur Nodadzega qarshi tatamiga chiqdi. Bellashuvda hakamlar hamyurtimizni taʼqiqlangan usuldan foydalandi deya baholab, Nurillayevga texnik magʻlubiyat yozildi.
-66 kg vaznda ham gruzin va oʻzbek polvonlari gʻoliblik uchun tatamiga chiqishdi. Sardor Nurillayev va Vaja Margvelashvili oʻrtasidagi qiziqarli bahsda hamyurtimiz uchi-mata usulini qoyilmaqom ijro etib, 20 soniyada gʻalabani oʻz foydasiga hal qildi.
Shu tariqa jamoamiz birinchi kun dasturini 1 ta oltin va 1 ta kumush medallari bilan yakunladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring