Gruziya Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv
2019-yil 11-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevning Gruziya tashqi ishlar vaziri David Zalkaliani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnik, turistik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, qonun chiqaruvchi organlar delegatsiyalari almashinuvini faollashtirish muhimligi qayd etildi.

Joriy yilda Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 25 yil toʻlishi taʼkidlandi. Oʻtgan davr mobaynida doʻstona munosabatlarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan ikki mamlakat uchun oʻzaro foydali amaliy hamkorlik davri boʻldi. Xususan, mamlakatlarimiz oʻrtasida davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni izchil mustahkamlashni taʼminlaydigan qator hujjatlar imzolandi va amalga oshirildi. Koʻplab sohalarda, shu jumladan transport sohasida hamkorlik mustahkamlanmoqda. Masalan, joriy yil iyul oyidan boshlab Oʻzbekiston va Gruziya poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyildi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda boshlangan islohotlarning yangi bosqichi mamlakatimiz tashqi siyosatining ochiqligini, barcha sheriklar, shu jumladan Gruziya bilan hamkorlik kengayishini taʼminlayotgani qayd etildi.
Tomonlar oʻzaro manfaatdor boʻlgan boshqa masalalarni ham muhokama qildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring