Gʻoʻza parvarishida masʼuliyatli palla

15:10 07 Iyul 2022 Jamiyat
1311 0

Foto: Xalq so‘zi

Koʻpni koʻrgan, tajribali dehqonlar yoz chillasidagi harorat gʻoʻza nihollarining rivojlanishida va moʻl hosil yetishtirishda muhim oʻrin tutishini yaxshi biladilar. Xuddi shunday, samarqandlik fermerlar ham mavjud 75 ming 356 gektar yer maydonidagi gʻoʻza agrotexnikasini oʻz vaqtida, optimal variantlarda va sifatli oʻtkazishga bor kuch va resursni sarf etmoqda.

Joriy yilning 28-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida paxta hosildorligini oshirish va toʻqimachilik mahsulotlari eksportini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida agrar sohaga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar belgilab berildi.

Ayni kunlarda gʻoʻza parvarishi yuzasidan belgilangan “Dolzarb oʻttiz kunlik” tadbiri boʻyicha 2022-yil hosili uchun ekilgan gʻoʻza maydonlarida zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilayapti. Samarqand viloyatidagi mavjud 32 ta biolaboratoriya tomonidan oltinkoʻz, trixogramma, brakon singari biomahsulotlar 12 ta paxta- toʻqimachilik klasteri va fermer xoʻjaliklari gʻoʻza maydonlariga tarqatilyapti.

Gʻoʻza nihollarida uchraydigan oʻrgimchakkana, koʻsak qurti singari zararkunanda hasharotlar hosildorlikka jiddiy zarar yetkazishini yaxshi anglagan dehqonlar asosan kunning ertalab va kechki paytlarida biomahsulotlarni dalalarga tarqatmoqda.

— Tahlillarga koʻra, joriy yilning 5-iyul holatiga oʻrgimchakkanaga qarshi bir kunda 3 ming 548 gektar, koʻsak qurtiga qarshi trixogramma bilan bir kunda 2 ming 770 gektar hamda brakon biomahsuloti bilan 2 ming 733 gektar yer maydoniga biologik usulda ishlov berilyapti, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Adiljon Arziqulov. — Xususan, Pastdargʻom tumanida 16 ming 949 gektar gʻoʻza maydonidagi zararkunanda hasharotlarga qarshi kurashish uchun 10 ta biolaboratoriya faoliyat yuritmoqda.

Darvoqe, inspeksiya tomonidan gʻoʻza parvarishida belgilangan agrotexnik yumushlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan nazorat tadbirlari oʻtkazilyapti. Joriy yilning besh oyi davomida viloyat tumanlarida oʻtgan 714 ta nazorat tadbirida 450 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu boʻyicha qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlariga 382 ta ogohlantirish, 32 ta yozma koʻrsatma berilgan boʻlsa, 36 ta holatda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер