Goʻsht narxi nega qimmat?

16:52 08 Fevral 2021 Iqtisodiyot
1811 0

Bugun oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshib ketishi, xususan goʻsht narxining qimmatlashib borayotgani aholi tomonidan turli noroziliklarga sabab boʻlmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz bozorlarida qoramol goʻshti oʻrtacha 70 — 80 ming soʻmgacha sotilmoqda. Ilgari qoʻy goʻshti nisbatan mol goʻshtiga qaraganda qimmatroq boʻlardi. Hozir esa qoramol goʻshti narxining keskin oshib borishi bu nisbatni yoʻqqa chiqardi. Bu boradagi eʼtirozlar ham oʻrinli. Aslini olganda bu holatga har yili duch kelamiz.

Goʻsht narxi 3 yil oldin qanday edi, hozir qanday?

Davlatlarning ijtimoiy hayotida jamoatchilik fikri muhim oʻrin tutadi. Ayni vaziyatda ham narx-navoning balandligi yem-xashak narxining oshib ketishi, shuningdek, yuqori qatlamning asossiz harakatlariyu, quyi qatlam vakillarining “choʻntagi”ni eʼtiborga olmayotgani bilan baholanmoqda. Xoʻsh, goʻsht narxining keskin koʻtarilishiga qanday omillar sabab boʻlmoqda?

Statistik maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda mol goʻshti — 28 000 soʻmdan 41 000 soʻmgacha, qoʻy goʻshti esa — 28 000 soʻmdan 43 000 soʻmgacha sotilar ekan. Bugun esa 2-3 barobar qimmat sotilyapti.

2020-yil 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonda aholi soniga nisbatan qoramol 36,8 foizni tashkil etadi. Bu esa, 1000 aholi jon boshiga 368 bosh qoramol toʻgʻri keladi degani. Oʻzbekistonda sanoat yoʻli bilan boqiladigan qoramollarning jami 5 foizini tashkil qiladi. Qolgan 95 foizi aholi tomonidan yetishtirilmoqda. Bundan koʻrinib turibdiki, goʻsht mahsulotlarining asosiy qismi aholi xonadonlari orqali bozorga chiqadi. Bu esa, oʻz navbatida, yem-xashak narxlari, ob-havoning noqulay kelishi kabi bir qator tabiiy omillar, chorva kredit foizlarining qimmatligi tufayli bozorda narxlarning nazoratdan chiqishiga sabab boʻladi. Barcha iqtisodchilarning fikricha, narxlarni nazorat qilish, umuman, barcha mahsulot turlariga nisbatan ham maqbul yechim boʻla olmaydi. Narxni sharoitdan kelib chiqib bozor belgilashi kerak. Yaxshi va sifatli mahsulot xohlagan xaridor rasta ostidan baribir oʻsha qimmat narxni toʻlaydi. Bunday oldi-sotdini choʻntagi koʻtarmaydiganlar esa sifatsiz mahsulot bilan chorasiz qoladi. Bundan bir-ikki yil avval xuddi shunday goʻsht narxi qimmatlashuvi va narxlarga cheklov oʻrnatilishi ortidan bozorga eshak goʻshtlari va oʻlgan mol goʻshtlari ham kirib kelganini hech kimga sir emas. Aytishlaricha, hozirda 60 — 70 ming soʻm cheklovi bilan chiqarilayotgan goʻshtlar esa asosan soʻyilishga moʻljallangan qoramollarni 2-3 oyda bioqoʻshimchalar bilan oziqlantirish hisobiga tez vazn olib, soʻyiladi, ammo goʻshtning asosiy qismi yogʻ bilan qoplangan boʻladi.

Qoramol boqish qiyinlashdimi?

Toshkent shahri bozorlarida asosan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlari shaxsiy dehqon xoʻjaliklari hamda fermerlari tomonidan yetishtirib, olib kelingan qoramollar soʻyib sotiladi.

Fermerlarning taʼkidlashicha, bir yoshga toʻlgan oriq buqani boʻrdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etiladi. Bunda har kuni unga oʻrtacha 9 kg yem, yaʼni 3 kg shrot, 2 kg kepak, 3 kg sheluxa va 1 kg maydalangan makkajoʻxori yoki bugʻdoy aralashmasi beriladi. Bundan tashqari, kuniga qoʻshimcha 7-8 kg atrofida beda yoki dagʻal xashak berib borish kerak. Hozirgi kunda savdogarlar qoʻlida bir bogʻ presslangan beda, somon, shrot narxlari hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas.

Respublika boʻyicha yem mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalarning faoliyati oʻrganilganda, ular yem-ozuqaga boʻlgan talabni bor-yoʻgʻi 12-15 foizinigina qondirishi mumkinligi oydinlashdi. Bu ham faqat tegishli grafik asosida belgilangan isteʼmolchilarga sotiladi, xolos. Aholining qariyb 85 foizi yemni savdogarlar qoʻlidan olishga majbur boʻlmoqda.

Hozirgi, pandemiya sharoitida moliyaviy xarajatlarni hisobga olingan holda qaysidir maʼnoda aholiga narx-navoni nazorat qilish orqali yengilliklar berilishi oʻrinli. Ammo qishloq xoʻjaligi mahsulotlari masalasiga kelganda, aynan, goʻsht narxini minimallashtirish kutilgan samarani bermasligi ehtimoldan holi emas.

Shahboz Abdusattorov,
Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish 
jamiyatlari federatsiyasi Matbuot xizmati xodimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер