Globallashuv davrida taraqqiyotning yangi burilish nuqtasi
Demokratik jamiyatlar va davlatlar oʻz taraqqiyot formulasiga yillar davomida erishadi. Bu jarayon oʻziga xos ijtimoiy, siyosiy, tarixiy va maʼnaviy rivojlanish bilan bogʻliq holda kechadi. Tashqi siyosat imkoniyatlaridan toʻgʻri va maqsadli foydalanish strategik rivojlanishining muhim omili hisoblanadi.
Globallashuv va zamonaviylik munosabatlari kundan-kun yangicha qiyofa kasb etib borayotgan dunyo mamlakatlariga qurolli xavf-xatarlardan koʻra gʻoyaviy va siyosiy mazmundagi tahdidlarning taʼsiri yuqori. Bunday jarayonlarning oldini olishda Yangi Oʻzbekiston oʻziga xos gʻoyaviy immunitet va konstruktiv hamkorlik yoʻlidan bormoqda. Yana bir jihati – yurtimiz soʻnggi olti yilda dunyoda oʻz siyosiy pozitsiyasini yanada mustahkamlagani, oʻziga xos taraqqiyot yoʻlidan sobit va barqaror borayotgani bilan izohlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuotda eʼlon qilingan “Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” nomli maqolasi bugungi dunyo siyosiy va harbiy hayotining real voqeliklari tahlili hamda taraqqiy etgan davlatlarning oʻzaro munosabatlarini rivojlantirishning kelajakdagi oʻziga xos prognoziga bagʻishlangani bilan xalqaro tashkilotlar, siyosatchilar va koʻplab nufuzli nashrlar eʼtiboriga tushdi.
Maʼlumki, mamlakatimiz SHHTga 2001-yilda aʼzo boʻldi hamda kun sayin ushbu tashkilotda muhim va muqim oʻrniga va nufuziga ega boʻlib bormoqda. Buning isbotini SHHTning asosiy organlaridan biri boʻlgan, 2004-yil 1-yanvardan faoliyat yurita boshlagan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Toshkent shahrida joylashganligidan ham anglash qiyin emas.
MATT zimmasiga axborot almashish, chegara va bojxona qoʻmitalarining, maxsus xizmatlarning hamkorligini muvofiqlashtirish, shu orqali terrorizmning oldini olish vazifasi yuklangan. SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining 2004-yil 17-iyunda Toshkentda oʻtgan majlisida Tashkilotning shakllanish davri yakunlangani qayd etilib, yakuni boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi, SHHT vakolatlari va immunitetlari toʻgʻrisidagi konvensiya, Narkotik vositalar va psixotrop moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, tashkilot va uning organlari faoliyatiga doir qator hujjatlar imzolangani Tashkilot rivojida Oʻzbekistonning oʻziga xos maqomini koʻrsatadi. Tashkilotning Sankt-Peterburgda oʻtgan 2-sammitida (2002-yil iyun) ustav hujjati – SHHT Xartiyasiga imzo chekildi. SHHTning oliy organi – Davlat boshliqlari kengashidir. SHHT faoliyatida Oʻzbekiston raislik qilgan davrlarda erishilgan yutuqlardan biri – BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2009-yil 18-dekabrda konsensus asosida SHHT va BMT oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiya qabul qilinishidir. Eʼtiborga molik tomoni, ushbu rezolyutsiyaga SHHTga aʼzo davlatlar – Oʻzbekiston, Rossiya, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston va Tojikistondan tashqari Pokiston va Dominikan Respublikasi ham hammualliflik qilgan.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar nafaqat SHHT tashkiloti misolida, balki dunyo mamlakatlarining oʻzaro manfaatlar va maqsadlar asosida birlashuvini nazarda tutgan holda, yangicha rivojlanish, iqtisodiy hamkorlikning milliy hamda tarixiy konsepsiyasi sifatida baholanmoqda. Davlatimiz rahbarining maqolasida bugungi davlatlar siyosiy tizimidagi oʻzgarishlar va xalqaro hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan bir qator yangicha mazmun kasb etuvchi fenomenlar qoʻllanilganini alohida taʼkidlab oʻtishimiz lozim.
Birinchidan, “Tarixiy evrilish” globallashuv davrida ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning yangi, koʻz ilgʻamas hodisalar majmui sifatida talqin etili.
Ikkinchidan, “Bloklarga mansublik stereotipi” tushunchasi zamirida harbiy tashkilotlarning xavfi har qanday davlatlar va jamiyatlarga kutilmaganda taʼsir oʻtkazishi mumkinligi alohida taʼkidlandi.
Uchinchidan, “Samarali xalqaro hamkorlik” davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan koʻrinishi tarzida izohlandi. Zero, bugungi kunda davlatlararo munosabatlar murakkablashib borayotgani aynan konstruktiv muloqot va oʻzaro ishonch muhiti yoʻqligidir.
Toʻrtinchidan, “Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli” tushunchasi bevosita SHHTga aʼzo mamlakatlarning manfaatlari va qarashlari bilan bogʻliq tuyulsa-da, uning siyosiy mazmuni barcha mamlakatlar bilan, xususan, chegaradosh davlatlarning yangicha mexanizmi sifatida baholanadi.
Beshinchidan, “Samarqand ruhi”. Jahon mamlakatlarida oʻzining tarixiy oʻrni va siyosiy munosabatlarini oʻzgartirishda aniq va maqsadli taʼsir nuqtayi nazaridan poytaxtlarning, tarixiy va mashhur shaharlarning oʻrni muhim boʻlgan. Jumladan, dunyoda tinchlik shahri sifatida Parij, xalqaro tashkilotlarning asosiy markazi sifatida Bryussel va hokazo shaharlar mavjud. Shunga koʻra, bugungi dunyo taraqqiyotining yangi nuqtalarini belgilashda hamda siyosiy munosabatlarning yangi yoʻnalishlarini ochib berishda tarixiy va hamisha navqiron Samarqandning bobokalonimiz Amir Temur davridagi maqomi qayta tiklanishi, uning hozirgi globallashuv zamonida siyosiy, iqtisodiy rivojlanishni anglatuvchi yangicha siyosiy fenomen sifatida tarixga kirishi muqarrar. Zotan, “Samarqand sayqali roʻyi zamin ast” deb taʼriflangani, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur “Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur. Tuli ramzi nujumiy daraja va daqiqadur, arzi daraja va daqiqadur...” deya eʼtirof etgani bejiz emas.
Yer kurrasidagi joylashuv oʻrni ham oʻziga xos va kamyob boʻlib, oʻz davrida buyuk olim Mirzo Ulugʻbekning avlodlarga bebaho astronomik manba boʻlib kelayotgan “Ziji Koʻragoniy” asari ham aynan Samarqandda yaratilgani tahsinga sazovor.
SHHT davlatlari oʻzaro munosabatlarda “Shanxay ruhi” tushunchasiga amal qiladi. Bu ibora asosida qarorlarni konsensus tarzda qabul qilish, oʻzaro ishonch va manfaatdorlik, tenglik, maslahatlashuv, madaniy xilma-xillikka hurmat bilan yondashish, birgalikda taraqqiy etishga intilish tamoyillariga qatʼiy amal qilish jihatlari mujassam. Prezidentimiz ushbu tushunchani toʻldirib, uning mantiqiy davomida sifatida “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenni qoʻllaganligi qator xalqaro siyosiy ekspertlar tomonidan yuksak baholandi.
Xulosa qilib aytganda, “Shanhay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasi Yangi Oʻzbekistonni jahon hamjamiyatining yangi siyosiy, iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy, ijtimoiy imkoniyatlari yanada yuqori sifat bosqichiga koʻtarilayotganini, nafaqat SHHTga aʼzo davlatlar misolida, balki dunyo mamlakatlari bilan hamkorlik aloqalarining yangicha rakursini belgilashning oʻziga xos milliy, demokratik tamoyillarini rivojlantirishga xizmat qiluvchi siyosiy tahlil sifatida alohida ahamiyat kasb etishi muqarrar.
Zero, kuchli davlatlarning siyosiy nufuzi ularning katta tarixiy rivojlanishga koʻshgan kichik hissasidan boshlanadi.
Foziljon Otaxonov,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring