Giyohvandlikka qarshi kurashda prekursorlar nazorati zarur
Insoniyatga xavf solib turgan uyushgan transmilliy jinoyatchilikning eng xavfli turlaridan biri bu – giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasidir. Giyohvandlik esa aholi salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan illat boʻlib, unga qarshi kurashish hamda uyushgan narkojinoyatchilikka chek qoʻyish dunyo mamlakatlari siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir.
Taʼkidlash joizki, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasida prekursorlar alohida oʻrin tutadi. Prekursor deganda giyohvandlik vositalarining sintezi uchun ishlatiladigan maxsus kimyoviy element tushuniladi. Prekursorlar aylanmasini nazorat qilish giyohvandlik vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishiga qarshi kurashning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib, koʻpgina davlatlar tomonidan bunday mahsulotlarning muomalasi alohida nazoratga olingan. Mamlakatimiz qonunchiligida ham prekursorlar muomalasini tartibga solishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilangan.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 1999-yil 19-avgustdagi “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida” Qonunining 3-moddasida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining sakkizinchi boʻlimida Oʻzbekiston Respublikasida nazoratga olinadigan giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini va psixotrop moddalarni tayyorlash uchun foydalaniladigan prekursorlar nima ekani koʻrsatib oʻtilgan.
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi “Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida oʻtkazish tartibini, shuningdek ularning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan mamlakatimizda muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxati tasdiqlangan va unga 29 nomdagi prekursorlar kiritilgan.
Biroq bugungi kunda milliy qonunchiligimizda prekursorlar bilan bogʻliq ayrim boʻshliqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlashda foydalaniladigan yana bir qancha prekursor moddalar mamlakatimizda muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatiga kiritilmagan. Bundan tashqari, prekursorlar bilan muomalada boʻlish tartibi belgilanmagani, ularning qonuniy muomalasini nazorat qilish boʻyicha qatʼiy mexanizmlar mavjud emasligi hamda prekursorlarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlik nazarda tutilmagani javobini kutayotgan masalalardandir.
Yuqoridagi boʻshliqlar prekursorlarning qonuniy muomalasini nazorat qilish imkonini bermaydi va noqonuniy muomalaga chiqib ketish ehtimolini oshiradi. Achinarlisi, prekursorlarning noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslarning javobgarlikka tortilmay qolishlariga va oʻz harakatlarini davom ettirishlariga sabab boʻladi.
Bu boradagi xorijiy tajribalarni koʻzdan kechiradigan boʻlsak, Rossiya, Belarus, Moldova, Ukraina, Ozarbayjon kabi qator davlatlarda prekursorlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilanganini koʻramiz.
Shunga binoan, Oʻzbekistonda ham muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytirish choralarini koʻrish hamda uni soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan yangilab borish mexanizmlarini joriy etish ayni muddao. Prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solish hamda ular ishlab chiqarilishi yoki xorijdan keltirilishidan boshlab realizatsiya qilinishigacha boʻlgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qatʼiy davlat nazoratini oʻrnatishni vaziyat taqozo qilmoqda. Asosiysi, prekursorlarning noqonuniy muomalasi hamda ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni kiritish lozim.
Fikrimizcha, mazkur takliflarning joriy etilishi mamlakatimizda prekursorlarning qonunga xilof muomalasini oldini olish va ularga qarshi kurashish faoliyati samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.
Mirsaid XAYDAROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi
huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni
nazorat qilish agentligi guruh rahbari.
Baxit KALBAYEVA,
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi
Jinoyat huquqi kafedrasi oʻqituvchisi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring