Gimnastrada — bayramga munosib shodiyona

19:01 28 Avgust 2019 Jamiyat
2339 0

Bugun Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi ostida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan Yunusobod tumanidagi Gimnastika boʻyicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va oʻsmirlar sport maktabida 50 yoshdan yuqori boʻlgan uy bekalari hamda 10 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida “Gimnastrada”sport festivali boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan umumiy 33 ta jamoa ishtirok etdi. Bu haqda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati xabar berdi.

“Gimnastrada” sport turi boʻyicha festival 2006-yildan beri har yili anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinmoqda. 2014-yildan yangi yoʻnalish, yaʼni 50 yoshdan yuqori boʻlgan uy bekalari hamda 10 yoshgacha boʻlgan qizlar oʻrtasida musobaqalar oʻtkazishga kirishildi.

Musobaqadan koʻzlangan asosiy maqsad — sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va hayotga tatbiq etish, xotin-qizlarni jismoniy tarbiya hamda sportga keng jalb qilish orqali onalar sogʻligʻini mustahkamlash, sogʻlom avlodni voyaga yetkazishga hissa qoʻshish, aholiga, ayniqsa ayollarning oʻz sogʻligʻiga nisbatan masʼuliyatini kuchaytirish hamda ommaviy sport turlarini yanada rivojlantirishdan iborat.

Aytish joizki, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Gimnastika federatsiyasi hamkorligida yoshlarni, xususan, qizlarni sogʻlom hayot tarzi sari yetaklash borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yil yangi kiritilgan yoʻnalish boʻyicha “Gimnastrada” sport festivali respublikamizning barcha hududida oʻtkazilib, jami 200 ta jamoa tarkibida 50 yoshdan yuqori boʻlgan uy bekalari hamda 10 yoshgacha boʻlgan qizlardan iborat 2 ming 400 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Joylarda oʻtkazilgan “Gimnastrada” sport festivali ishtirokchilari turli nominatsiyalar boʻyicha Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining qimmatbaho sovgʻalari va diplomlari bilan taqdirlandilar.

Koʻtarinki kayfiyatda boʻlib oʻtgan festival natijalariga koʻra, 33 ta jamoa 33 ta nominatsiya boʻyicha Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasining diplomi hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan munosib taqdirlandi. Eng mahoratli 3 ta jamoa — Bekobod shahri jamoasi, Shayxontohur tumani jamoasi va Chirchiq shahri jamoasi turnirning yuqori pogʻonalaridan joy oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер