Germaniyadan munosabat: Oʻzbekiston tanib boʻlmas darajada oʻzgarib bormoqda
Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyatining “Oʻzbekiston kasb-hunar taʼlim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash” loyihasi rahbari Mattias Klingenberg “Dunyo” AA muxbiri Bahriddin Aslanovga bergan intervyusida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning ahamiyati va ularning amaldagi ijrosi haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
- Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida Germaniyaga amalga oshirgan tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Biz Oʻzbekistonda bir qancha vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishlaymiz, ayniqsa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan turli loyihalarni amalga oshiryapmiz.
Taʼkidlash kerakki, Germaniyaga boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tashrif davomida ikki davlat rahbarlari oʻrtasida imzolangan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishda Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati ham faol ishtirok etmoqda.
Xususan, bizning loyihamiz taʼlim sohasiga, aniqrogʻi professional taʼlimga yoʻnaltirilgan mamlakatlarimiz hukumatlari oʻrtasidagi ikki tomonlama dastur hisoblanadi. Bu borada tomonlar muntazam ravishda hukumatlararo maslahat va muzokaralar oʻtkazmoqda, ularning xohishlari oʻrganilmoqda va hamkorlikning aniq yoʻnalishlari belgilab olinyapti. Tashrif davomida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish oʻzbek tomoni uchun ham, nemis tomoni uchun ham katta ahamiyatga ega.
Albatta, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda barcha sohalarda izchil islohotlar olib borilayotganini alohida qayd etish joiz. Men mamlakatingizga ikkinchi marta ishlayapman. Birinchi marta 2002-2008-yillarda ham taʼlim sohasida, faqat boshqa tashkilotlarda faoliyat yuritganman. Bu safar ham taʼlim, aniqrogʻi professional taʼlimni rivojlantirish sohasida ishlayapman, shuning uchun menda oʻtgan davrlarni taqqoslash imkoniyati bor.
Shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi Oʻzbekiston tanib boʻlmas darajada oʻzgarib bormoqda. Oʻzbekiston rahbari olib borayotgan islohotlar tufayli mamlakat misli koʻrilmagan shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Va bu jarayonda biz mamlakatingizni qoʻllab-quvvatlash imkoniyatiga ega ekanligimizdan juda mamnunmiz. Respublikaning ayrim hududlarida Germaniyaning dual kasbiy taʼlim tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Professional taʼlim eng muhim sohalardan biri hisoblanadi. Mamlakatingizda taʼlimning ushbu yoʻnalishi ham rivojlanib borayotganini qayd etish joiz. Ayniqsa, joriy yil dual kasbiy taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu jarayonda biz yaqindan yordam berayotganimizdan faxrlanamiz.
Germaniyalik tadbirkorlarning Oʻzbekistonga qiziqishi ham tobora ortib bormoqda. Bu ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishi, qolaversa, yurtingizning barqaror iqtisodiy taraqqiyoti uchun juda muhim. Biz ham oʻz navbatida Oʻzbekistonga keladigan germaniyalik tadbirkorni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, men boshqarayotgan loyiha asosan tekstil sohasini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Mazkur soha mamlakatingizda juda katta va muhim tarmoq sanalishiga urgʻu bermoqchiman. Ayni paytda Gamburg shahridagi tekstil kompaniyasi va Fargʻona viloyati Margʻilon shahridagi tekstil korxonasi, viloyat hokimligi hamda Margʻilon shahar 2-son kasb-hunar maktabi oʻrtasida dual professional taʼlim boʻyicha uzviy hamkorlikni boshlash arafasida turibmiz.
Bu Oʻzbekistonda Germaniyaning dual taʼlim tajribasini joriy qilish boʻyicha pilot loyiha hisoblanadi. Yaʼni unda ishlab chiqarish korxonasi, hokimiyat va professional taʼlim muassasasi hamkorlikda dual taʼlimni hamkorlikda amalga oshiradi. Biz bunday loyihalarni yanada koʻproq hayotga tatbiq etishga tayyormiz va oʻylaymizki, yaqin kelajakda yana ham koʻproq germaniyalik tadbirkorlarni ushbu yoʻnalishga jalb qilamiz.
Oʻzbekistonda amalga oshirayotgan 2021-2025-yillarga moʻljallangan “Oʻzbekiston kasb-hunar taʼlim tizimida islohot va modernizatsiya jarayonini qoʻllab-quvvatlash” loyihamiz quyidagi beshta maqsadni qamrab olgan:
- birinchi maqsadimiz qator vazirlik va muassasalar, jumladan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan professional taʼlim sohasida yetarli salohiyatni shakllantirishdir;
- ikkinchisi iqtisodiyot sohasida ham professional taʼlim uchun zarur salohiyatni rivojlantirishda koʻmaklashish. Bu borada Germaniya savdo-sanoat palatasi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” va “Oʻzcharmsanoat” uyushmalari bilan hamkorlikda ishlayapmiz;
- uchinchi maqsad iqtisodiy tarmoqlar boʻyicha maslahat berish; Ushbu sohada mamlakatingizda juda yaxshi qonunchilik bazasi yaratilgan. Biroq amalda undan faol foydalanilmaydi. Bu organni ham qoʻllab-quvvatlash rejalashtirilgan.
- toʻrtinchi maqsad professional taʼlim muassasalarini zarur uskunalar bilan jihozlashda qisman yordam berish va tekstil sohasida 8 ta kasbiy taʼlim standartlari va oʻquv rejalarini modernizatsiyalash;
- beshinchi maqsad esa oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirishda qoʻllab-quvvatlash.
Professional taʼlim tizimini rivojlantirish uchun oʻquvchilarni maktab yoshidan kasb-hunarga yoʻnaltirish juda muhim. Zamonaviy professional taʼlim tizimi yaratilsayu, oʻquvchilar, ularning ota-onalari bu imkoniyatlardan bexabar boʻlsalar bu kutilgan samara bermaydi. Shu sababli ham bu borada muhim ishlarni amalga oshiryapmiz, deb oʻylayman.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda ijobiy demografik rivojlanish kuzatilmoqda. Tugʻilish koʻrsatkichlari yuqori. Bunday sharoitda yoshlarning kasbiy koʻnikmalarini puxta egallashlari mamlakatning kelajakdagi iqtisodiyoti, kambagʻallikni qisqartirish uchun juda muhim va katta ahamiyatga ega.
Maqsadimiz davlat tomonidan taklif etilayotgan professional taʼlimni iqtisodiyot subyektlari manfaatlari va ehtiyojlariga yoʻnaltirishda koʻmaklashishdan iborat. Yaʼni iqtisodiyot jadal surʼatlar bilan rivojlanayotgan bugungi kunda professional taʼlim muassasalarining oʻquvchilari ham bu jarayonga oʻz hissalarini qoʻsha olish darajasida boʻlishi lozim. Biz sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz va ushbu maqsadlarga erishish uchun turli soha vakillari bilan birgalikda harakat qilish imkoniyatiga ega ekanligimizdan mamnunmiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring